Namangan teatri

Namangan teatri, Alisher Navoiy nomidagi davlat musiqali drama teatri — dastlabki teatrlardan biri. 1931 yil 15 iyunda «intilish» (A. Sultonov) spektakli bilan ochilgan. Professional teatr jamoasining asosini mahalliy maktab va texnikumlarning o’qituvchilari, havaskorlik drama to’garagi qatnashchilari tashkil etgan. Truppaning badiiy rahbari va teatr tashkilotchisi Razzoq Hamroev (N. Roziqiy bilan) bo’lgan. S. Otaxonov, B. Eminov, A. Toshboyev, A. To’raxonov, X. Sharipov, N. Ishoqov, keyinroq M. Azizova, T. Ja’farova, S. Rahmonov, M. Dadaboyev, T. Sodiqov va boshqalar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. 30-yillar teatr uchun sahna san’atini egallash yo’lidagi o’ziga xos maktab yillari bo’ldi. Bu davrda sahnalashtirilgan «hujum» (V. Yan, Cho’lpon), «Malikai Turandot» (K. Gostsi), «Halima» (G’. Zafariy) kabi spektakllar badiiy yo’nalishiga ko’ra ko’proq tashviqot xarakterida edi. 30-yillarning o’rtalarida jamoaning ijodiy faoliyatida ma’lum burilish yasaldi. A. Turdiyev, R. Hamroyevning aktyorlar bilan ijodiy hamkorligi samarali natija berdi va «Gulsara», «nomus va muhabbat» (K. Yashin), «Rustam» (U. Ismoilov), «Otsiz» (A. Majidiy), «makr va muhabbat» (F. Shiller), «boy ila xizmatchi» (Hamza) kabi spektakllar yaratildi. Aktyorlar obraz yaratishda qolip va bir xillikni bartaraf etib, asta-sekin qahramonlar ichki dunyosini ochish san’ati, inson xususiyatlarini tasvirlash mahoratini egallab bordilar. 1936 yil teatr ilk bor Toshkentga gastrolga keladi, «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Rustam», «Arshin mol olon» kabi spektakllari poytaxt tomoshabinlari tomonidan ijobiy baholandi. 2-jahon urushi yillari teatr ijodiy truppasi «Qurbon Umarov», «Front bo’ylab buyruq», «Burgutning parvozi», ukrain teatri aktyorlari bilan hamkorlikda Gulak-Artyomovskiyning «Zaporojelik Dunay ortida» nomli hajviy operasini sahnalashtirdilar. Urushdan keyingi yillar teatr repertuari kengaydi. Ijodiy ko’tarinkilik, repertuar mustaqilligiga erishishga aktyorlik maxrratini o’stirishga intilish sezildi. Ayniqsa, 50-yillarning 2-yarmida A. Xachaturov bosh rejisssyor etib tayinlangach, jamoada uzluksiz ish olib borilib, original repertuar, spektakl sahnalashtirishda ifodaviylikning yangi qirralarini izlash, sahna bezaklarini yangilash ustuvorlik qildi. Aynan shu davrda o’zbek dramaturgiyasi bilan teatrning o’zaro bog’lanish jarayoni kuchaydi. «Yurak sirlari» (B. Rahmonov), «Og’riq tishlar» (A. Qahhor), «chin muhabbat» (O. Yoqubov), «Xurriyat» (Uyg’un), «Tug’ma dog'» (S. Qoriyev) kabi spektakllarda davr muammolari, xalq hayoti va uning mehnatini aniq tasvirlashga intilish asosiy vazifaga aylandi. 1957 yil Toshkentga bo’lgan gastrolida teatr madaniyatining ancha yuksalganligi, repertuarning janr jihatidan o’sganligi, aktyorlik ansamblining yaxlitligi kuzga tashlandi. Teatr rivojiga o’sha davrda M. Azizova, O. Tojiboeva, T. Nazarova, M. Ubaydullayev kabilar munosib hissa qo’shdilar. 1963 yil teatr musiqali drama va komediya teatriga aylantirilgach, teatrning o’ziga xos repertuarini shakllantirish harakatlari natijasi o’laroq «Toshbolta oshiq» (H. G’ulom; M. Leviev), «Nurxon», «Gulsara» (K. Yashin; T. Jalilov). «Al- pomish», «Toxir va Zuxra» (S. Abdulla), «Guli siyoh» (S. Jamol), «Halima» (G’. Zafariy, T. Tula), «Layli va Majnun» (Sh. Xurshid) kabi musiqali dramalar teatr repertuaridan o’rin oldi. Musiqali dramalar bilan bir qatorda «O’liklar kechirmaydi» (O’. Umarbekov), «Ufq» (S. Ahmad), «Kasa Mare» (I. Drutse) singari dramatik spektakllar ham qo’yildi. Keyinroq «Yusuf va Zulayho» (H. Sa’dulla; D. Soatkulov), «o’n uchinchi rais» (O. Abdullin), «yovvoyi farishta» (A. Kolomiys), «temir xotin» (Sh. Boshbekov) kabi ijtimoiy mavzudagi asarlar muvaffaqiyat bilan sahnalashtirildi. Shu davrda teatrda ijod qilgan H. Oxunova, M. Isomiddinovlarning xizmatlari katta bo’ldi. Mustaqillikdan keyin teatr faoliyatida yangi davr boshlandi. 90-yillarning o’rtalarida teatrni Karim Yo’ldoshev boshqardi. Mustaqil repertuar tanlash, mavzu va janr diapazonining kengayishi ko’zga tashlandi. Bu davrda teatr spektakllari Vatan tarixi yoritilgan, zamonaviy mavzu aks etgan asarlar hamda jahon klassikasidan iborat bo’ldi: «Mashrab» (A. Tursun), «yor istab» (H. Sharipov), «Kashmir qo’shig’i», «Alpomishning o’q-yoyi» (A. Jabbor), «Usmon Nosir qayerda?»(A. A’zamov), «Qirol Lirning nabiralari» (U. Shekspir, A. Pushkin, M. Bulgakov) va boshqalar teatrning so’nggi yillardagi eng yaxshi spektakllaridir. O’zbekiston xalq artistlari M. Ubaydullayev, U. Nuraliev; O. Tojiboyeva, K. Rasulova, M. Rahmonov, V. Saydaliyev kabi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar, shuningdek, S. Sarimsoqova, S. Omonov, M. Niyozov, M. Faxriddinova, X. Madrahimova, U. Mirzaev, A. Tojiboyev, A. Karimova, M. Abdullayeva va boshqa aktyorlar teatrning hozirgi kundagi yetakchi ijodkorlaridir. Muhabbat To’laxo’jayeva.