Namangan muxandislik- pedagogika instituti

Namangan muxandislik- pedagogika instituti – muhandis-pedagoglar, muhandislar, iqtisodchi pedagog va iqtisodchilar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. Sanoat, transport, qurilish, mashinasozlik, oziq-ovqat va kimyoviy texnologiya, qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash, axborotlar texnologiyasi, elektroenergetika, menejment, buxgalteriya hisobi va audit qamda moliya yo’nalishlari bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Toshkent politexnika institutining Namangan filiali negizida Namangan sanoat-texnologiya instituti nomi bilan tashkil etilgan (1991). 1998 yildan hozirgi nomda. Institut kasb-hunar kollejlari uchun muhandis-pedagoglar tayyorlash bo’yicha tayanch oliy o’quv yurti xisoblanadi. Institut tarkibida 7 fakultet (mexanika, mashinasozlik, texnologiya, qurilish, informatika, iqtisodiyot, malaka oshirish), 27 kafedra, tadbirkorlik va biznes maktabi, akademik litsey, axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim bo’limi, sport-sog’lomlashtirish majmualari hamda bir qancha kasb va til o’rgatuvchi kurslar faoliyat ko’rsatadi. Institutda bakalavriatning 17 ta’lim yo’nalishi va magistraturaning 11 mutaxassisligi bo’yicha kadrlar tayyorlanadi. Institut olimlari dolzarb yo’nalishlarda, jumladan, oziq-ovqat resurslarini rivojlantirish, yangi qurilish materiallari yaratish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, xalq xo’jaligida quyosh energiyasidan foydalanish, qishloq xo’jalik ekinlari hosildorligini oshirish kabi mavzularda nazariy va amaliy ahamiyatga molik ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi. Bir qancha ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarishga joriy etilgan. Institutda 230 dan ortiq professor-o’qituvchi, jumladan, 15 fan Doktori, professor, 110 dan ortiq fan nomzodi, dosentlar ishlaydi (2003). Institutda aspirantura, magistratura, o’quv-ilmiy kutubxona (10 mingdan ortiq asar) mavjud. Institut bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlar (AQSh, Germaniya, Gollandiya, Janubiy Koreya, Frantsiya) bilan hamkorlik aloqalari o’rnatgan. Institut tashkil topgandan beri 10 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlandi. Institutda 2002/2003 o’quv yilida 4100 talaba ta’lim oldi.