Namangan muxandislik- iqtisodiyot instituti

Namangan muxandislik- iqtisodiyot instituti – muhandis va iqtisodchi mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti Namangan filiali negizida 1992 yil tashkil etilgan. Institut tarkibida 5 fakultet (iqtisod, moliya, mexanika, texnologiya va sirtqi) bor. Institutda 17 ta kafedra, iqtidorli talabalar internati, litseyi, iqtisodiy ta’lim hududiy (regional) markazi va uning qoshida ixtisoslashgan sport bo’limi, ilmiy va xalqaro aloqalar, ma’naviyat bo’limlari va iqtidorli talabalar bilan ishlash, axborotlar texnologiyalari va masofaviy o’qitish markazi, multimedia sinflari, tayyorlov kurslari, Markaziy kutubxona va shoxobcha kutubxonalar (80 ming nusxa), 4 ta ilmiy laboratoriya, «Lochin» sport-sog’lomlashtirish klubi, «Ziyo» kichik bosmaxonasi mavjud. Institutda darsliklar, risola va uslubiy qo’llanmalar chop etiladi. Institutda 9 ta yo’nalish bo’yicha bakalavrlar tayyorlanadi, magistratura va aspirantura mavjud. Institutda 120 professor- o’qituvchi, jumladan 7 fan Doktori va professor, 61 fan nomzodi, dotsentlar ishlaydi (2003). Institut 2 mutaxassislik (menejment va to’qimachilik xom ashyosini dastlabki ishlash mutaxassisliklari) bo’yicha Aspirantura orkali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydi. Magistraturada uzluksiz ta’lim tizimining yuqori malakali magistrlarini tayyorlash uchun 6 ta mutaxassislik guruhlari tashkil qilingan. Institut olimlari Moskva to’qimachilik akademiyasi va Sankt-Peterburg texnologiya va dizayn instituti, AQSh xalqaro rivojlanish agentligi «Yevroaziya» jamg’armasi va xalqaro Mehribonlik korpusi bilan hamkorlik qilib keladi. Institutda o’tkazilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida 10 dan ortiq ixtiro qilindi va ularning aksariyati ishlab chiqarishga joriy etildi. Institutda 2002/2003 o’quv yilida 2300 dan ortiq talaba ta’lim oldi.