Namangan neft koni

Namangan neft koni – Namangan shahrining shimoli-sharqida, Namangan antiklinal burmasida joylashgan. Namangan strukturasi dastlab 1933 yilda o’rganilgan. Keyingi yillarda o’tkazilgan tadqiqotlar natijasiga asoslanib chuqur burg’i qudug’i qazildi. Paleogen yotqiziqlarining dolomitlashgan ohaktoshlardan tuzilgan Turkiston qatlamlaridagi 5-gorizontda neft borligi tasdiqlandi. Umumiy qalinligi 10 metr, samarali qalinligi 3-4 metr, o’rtacha g’ovakligi 10%, o’tkazuvchanligi 30— 100 millidarsigacha. Gorizontning o’rtacha chuqurligi 3630 metr, uzunligi 5,4 kilometr, eni 3,6 kilometr. Boshlang’ich qatlam bosimi 600 atmosfera, gaz omili 180 m3/t. Neftning zichligi 0,856 g/sm3. Tarkibidagi oltingugurt 0,30%, koks 3,4%, parafin 5,0%, qatronlar 8% ni tashkil etadi. Qatlam harorati 87°, yengil fraktsiyalar chiqishi 100°da 3%, 200° gacha 23% va 300° gacha 41%. Neftdagi yo’ldosh gaz zichligi 0,955 (azot miqdori 3,0% gacha va metan 63,9%). Qatlam suvlarining zichligi 1,060 g/sm3, minerallashganligi 4708 mg/ekv.