Neotropik oblast
Neotropik oblast — quruqlikdagi flora va zoogeografiya oblasti; o’simliklar Neotropik oblasti bilan hayvonlar Neotropik oblastining chegarasi bir-biridan bir oz farq qiladi. Neotropik flora oblasti. Neotropik o’simliklar dunyosi — quruqlikdagi asosiy botanik-geografik rayonlardan biri. Yangi dunyoning materik qismini, shimolda quyi Kaliforniyadan va Meksika tog’ligining Janubiy qismidan to Janubda 40° j.k.gacha bo’lgan joylarni hamda Markaziy Amerikaga yondosh orollarni o’z ichiga olgan. Iqlimi tropik, 25° j.k.dan Jan.da subtropik va mo’tadil iqlim. O’simlik dunyosi boy va xilma-xil, aksari qismi mezofil o’rmon o’simliklaridan iborat. O’simliklar orasida asosiy o’rinni pantropik o’simlik oilalari (sutlamadoshlar, lavrdoshlar, tog’bekatdoshlar, tutdoshlar, palmadoshlar va boshqalar), shuningdek, Neotropik turkum vakillaridan kosmopolit o’simlik oilalari (qoqidoshlar, bug’doydoshlar, burchokdoshlar, yalpizdoshlar va boshqalar) egallagan. Endemik o’simlik oilalari kam, lekin ularning bir kismi (kaktusdoshlar va boshqalar) o’simliklarning tarkibi vaumumiy manzarasi uchun juda tavsifli. Nisbatan turg’un muhit sharoitida Neotropik oblastning boshqa oblastlar florasi bilan aloqasi va floraning Neotropik oblast doirasida differentsiyasiyalanishi Neotropik floraning uzoq vaqt ajralgan holda rivojlanganligini ko’rsatadi. Neotropik oblastning tropik Afrika va Shimoliy yarim sharning baland tog’ floralari bilan o’xshashlik belgilari juda ko’p. Neotropik oblast bir necha kichik oblastlarga bo’linadi. Karib kichik oblasti — Meksikaning chekka qismlari, Markaziy Amerika, Antil orollari hamda Kolumbiya va Venesuela qirgoqlari yaqinidagi orollarni o’z ichiga oladi. O’simliklari palmadoshlar, burchokdoshlar, Lavrdoshlar va boshqa turlarga boy; daraxtsimon paporotniklar va sagovniklar ko’p. Kichik oblastning shimolda qarag’aydoshlarning ba’zi vakillari uchraydi. Endemik o’simliklar ko’p. Orinoko savanna kichik oblastida burchokdoshlar, yirik bug’doydoshlar va boshqalar ko’p. Endemiklar esa me’yorida uchraydi. Amazonka gileya kichik oblasti Amazonka daryosi havzasidagi keng gileya o’rmonlarini o’z ichiga oladi (and tog’larining sharqiy etaklari bilan Atlantika okeani oralig’i, 6-10° sh.k.dan 10-15° j.k.gacha). O’simliklarga juda boy; sharoitning bir xil bo’lishiga qaramay o’simliklari ixtisoslashgan. Endemik palmalar, burchokdoshlar, sutlamadoshlar, marenadoshlar, epifitlardan orxideyadoshlar, bromeli va aroid turlari ko’p. Braziliya kichik oblasti (quruq iqlimli siyrak o’rmonlar va savannalar kichik oblasti) — Braziliya yassi tog’ligini va 30° j.k.dan boshlab shimoldagi maydonlarni egallagan. Bombakslar, palmalar, sutlamadoshlar, kaktuslarning o’ziga xos turlari uchraydi. Braziliya Kampos (savanna)larida daraxtsimon o’simliklardan tashqari, bug’doydoshlar, qoqidoshlar, burchokdoshlar, yalpizdoshlar va boshqa turkumlarning turlari tarqalgan. Braziliyaning Janubda tropik va subtropik doimiy yashil daraxt va butalar araukariya bilan birgalikda uchraydi. La-plata Pampa kichik oblasti — and tog’lari bilan Atlantika okeani oralig’i (30° j.k.dan Jan.dagi tekislik dashtlar). O’ziga xos bug’doydoshlar, qoqidoshlar, ituzumdoshlar va boshqalar o’sadi. Eski dunyodan keltirilgan o’simlik turlari ham anchagina bor. And kichik oblasti — Janubiy Amerika materigining tog’liq qismi, Kolumbiyadan Chilining o’rta qismigacha bo’lgan yerlar. Mezofil o’rmonlar, doimiy yashil lavr o’rmonlari, baland tog’ o’simlik formasiyalari va cho’llarni o’z ichiga oladi. Endemik turlar va turkumlar ko’p. Tinch okeandagi orollar (Galapagos va Xuan-Fernandes) florasi o’ziga xos xususiyatga ega. Neotropik zoogeografiya oblasti. Janubiy Amerika materigini, Markaziy Amerikaning ko’p qismi (shimolda Meksika tog’ligigacha), Xuan-Fernandes, galapagos, olovli yer orollari, folklend, Katta va kichik Antil orollari va Bagama orollaridan iborat. Neotropik oblast xarakterli belgilari bilan boshqa oblastlardan farq qiladi, chunki Janubiy Amerika paleogen va neogen davrlarida boshqa materiklardan ajralgan edi. Neotropik oblast faunasi turlarga boy. Sut emizuvchilardan chala tishlilar turkumi (zirhlilar, yalqovlar, chumolixo’rlar); kemiruvchilardan ga-jak dumli jayralar, dengiz cho’chqalari, agutilar, shinshillalar va boshqa endemik turlar ko’p uchraydi. Tok, tuyoqlilardan tapirlarning bir kqancha turlari, bug’ularning bir necha urug’lari (mazamalar, pudu) va lamalar tarqalgan. Xaltalilar kichik sinfiga kiruvchilardan plavunlar, opos-sumlar va endemik Tsenolestlar oilasi; yirtqichlardan itsimonlar va enotsimonlar oilasining bir necha turi, ayiqning bir turi, yaguar, otselot, Puma va mayda mushuklarning bir qancha turi, primatlardan keng burunli maymunlar uchraydi. Qon so’ruvchi kurshapaklar bor. Daryolarda lamantin va dare delfinlari yashaydi. Qushlari juda xilma-xil, nandu tuyaqushi, tinamu, kolibri, tutilar, chumchuk, simonlar, goasin, kondor, garpiya, tukanlar bor. Neotropik oblastda qushlarning 20 dan ortiq endemik turi mavjud. Ularning ayrimlari Golarktika oblastial ham uchraydi. Sudralib yuruvchilardan kaymanlar, timsoxlar, har xil toshbaqalar, ilonlar, kaltakesaklar bor. Suvda va quruqlikda yashovchilardan oyoqsizlar, dumsizlar (pipa qurbaqasi va boshqalar) ko’proq tarqalgan. Baliqlardan ikki xil nafas oluvchi lepidosiren, ulkan arapayma, yirtqich piranya va boshqalar juda ko’p. Hasharotlardan chumolilar va barg kemiruvchilar uchraydi. Rang-barang qanotli katta kapalaklar yashaydi. O’rgimchaklardan ulkan qushho’r bor. Neotropik oblast Gviana-Braziliya, Patagoniya-And (yoki Chili-Patagoniya) va Antil kichik oblastlariga bo’linadi. Neotropik oblast faunasi ancha vaqt ajralgan holda taraqqiy qilganligiga qaramay qo’shni Zoogeografiya oblastlari ta’sirida tarkib topgan, chunki uzoq o’tmish geologik davrlarda Avstraliya, shuningdek, Efiopiya oblastlari va undan keyinroq boshka oblastlar bilan aloqada bo’lgan. Ba’zi olimlarning fikricha, xaltalilar bo’r davrida Avstraliyaga Antarktida orqali Janubiy Amerikadan o’tgan. Yoriq tishlilarning tenreklar bilan o’xshashligi, shuningdek, lamantin va ikki xil nafas oluvchi balikdarning mavjudligi Neotropik oblastning kadimda Efiopiya oblasti va Madagaskar bilan aloqada bo’lganligini ko’rsatadi. Neotropik oblastdan uy hayvonlari ham kelib chiqqan: sut emizuvchilardan Lama va dengiz cho’chqasi, qushlardan mushkli o’rdak, umurtqasizlardan koshenil shular jumlasidandir.