Nepal tili

Nepal tili, nepaliy, nay pali, gorkhaliy, kxaskura — hind-Yevropa tillari oilasining hind-oriy tillari guruhiga mansub, asosan, nepal Qirolligida, qisman Hindiston shimoli va Butanda tarqalgan til. So’zlashuvchilarning umumiy miqsori 10 million kishidan ortiqroqdir. Tuzilishi jihatidan hindiy va Sharqiy hind-oriy tillari (masalan, Bengal tili) o’rtasidadir. Dialektal tomondan Markaziy (Katmandu vodiysi), g’arbiy, Sharqiy va tog’ etaklari lahjalariga bo’linadi. Og’zaki tilga qo’shni Tibet-birma tillari, xususan, nevari tili sezilarli ta’sir ko’rsatgan. Adabiy tili Katmandu shevasi asosida shakllanmoqda, shu sababli yozma nutqda og’zaki til unsurlari ko’plab uchraydi. Nepal tilidagi hozirgi adabiyot 19-asrdan yaratila boshlagan; amalda devanagari yozuvidan foydalaniladi.