Botmon, Mann
Botmon, Mann (arabcha)-og’irlik o’lchov birligi. Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari (Arabiston, Misr, Suriya, Iroq, Eron, Turkiya, Hindiston)da, shuningdek, O’rta Osiyoda qo’llangan. Shariatga ko’ra, Botmon (mann shar’iy), asosan, 0,832 kilogrammni tashkil qilgan, lekin turli mamlakatlar va turli davrlarda uning mezoni har xil bo’lgan. O’rta Osiyoda ham Botmonning vazni o’zgarib turgan. Masalan, XIX asrda Xorazmda Botmon 20,16 kilogrammdan 40,95 kilogrammgacha, Buxoro va Samarqandda, asosan, 8 pud (131,044 kilogramm), Farg’onada 8-10 pud (131,044-163,805 kilogrmm) bo’lgan. Bu o’lchov paxta va mevalarni o’lchashda qo’llanilgan. 1884 yil ma’lumotlariga ko’ra, Qo’qonda 1 Botmon 10 pudga, ya’ni 163,805 kilogrammga teng bo’lib, donlarni o’lchashda qo’llanilgan. Toshkent va Chimkentda 1 Botmon 10,6 pud (171,995 kilogramm) bo’lgan. O’rta Osiyoning ko’p joylarida Botmon yer sathini o’lchash birligi sifatida ham qo’llanilib, 1 Botmon yer deganda 1 Botmon don ekiladigan maydon tushunilgan. Masalan, Samarqandda 1 Botmon (8 pud) bug’doy 1,63881 ga yerga sepilganligi sababli, shunday kattalikdagi yer bir Botmon deb atalgan. Hozirgi vaqtda Botmon taxminan bir gektarga teng sath o’lchov birligi hisoblanadi. Ba’zi Sharq mamlakatlarida Botmondan og’irlik o’lchov birligi sifatida foydalaniladi.