Qoshiqburun

Qoshiqburun — laylaksimonlar turkumining ibislar oilasiga mansub qush. Yevropa, Osiyo va shimoliy-Sharqiy Afrikada tarqalgan. O’zbekistonda Amudaryo va Sirdaryo vohalari suv havzalarida uchraydi. Afrika va Janubiy Osiyoda qishlaydi. Tanasi 80 santimetrcha, vazni 1,5 kilogrammcha. Tumshug’i sariq, yassi, uchi qoshiqsimon kengaygan. Oyog’i qora, pat va parlari oq, gavdasining patsiz joylari sariq. Voyaga yetgan individlarining boshida kokili bor. Daryolarning quyilish joylarida, ko’llardagi qamishzorlarda koloniya bo’lib yashaydi. Qamishlar orasiga, kamdan-kam tol, jiyda daraxtlariga uya quradi. 3-5 ta tuxum qo’yadi. Tuxumini nari va modasi navbat bilan 24-25 kun bosadi. Poloponlari iyun — iyul oylarida uyasidan uchib chiqadi. Qoshiqburun suvdagi hasharotlar, ularning lichinkasi, mayda baliq, mollyuska va boshqalar bilan oziqlanadi. Ovlash taqiqtangan. O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.