Novosibirsk

Novosibirsk (1903-25 yillarda Novonikolaevsk) — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Novosibirsk viloyati markazi, ob daryosidagi pristan. Ob daryosining har ikkala sohilida. Novosibirsk yaqiniga Novosibirsk GES qurilgan va Novosibirsk suv ombori bunyod etilgan. Sibirning yirik transport tuguni. Aholisi 1399,4 ming kishi (1998). Shahar 1893 yilda posyolka sifatida vujudga kelgan. Shahar sanoatida mashinasozlik va metallurgiya (yalpi sanoat mahsulotining 65%ni beradi) asosiy o’rinni egallaydi (“Sibelektrotyaj-mash”, “Sibselmash”, stanoksozlik zavodlari bor). Qora va rangli metallurgiya, kimyo va farmasevtika, yengil, oziq-ovqat sanoatlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish rivojlangan. GES, metropoliten (1985 yildan) bor. Rossiya Fanlar Akademiyasining Sibir bo’limi, 13 oliy o’quv yurti (shu jumladan, 2 universitet, konservatoriya), 6 teatr (shu jumladan, opera va balet teatri) faoliyat ko’rsatadi. Suratlar galereyasi, o’lkashunoslik, geologiya, zoologiya, Sibir xalqlari tarixi va madaniyati muzeylari mavjud.