Madaliyeva Manzura Abdullayevna

Madaliyeva Manzura Abdullayevna (1947.26.8, Qo’qon) — ilg’or o’qituvchi. O’zbekiston Qahramoni (1997). Qo’qon pedagogika institutining matematika fakultetini tugatgan (1970). 1970 yildan Qo’qon shahridagi 10-maktabda matematika o’qituvchisi. Madaliyeva matematika ta’limida o’ziga xos maktab yaratdi. U maktabda birinchi bo’lib “matematika fani xonasi”ni tashkil etib, unga matematika tarixiga doir asarlar, matematika fanining buyuk allomalari suratlari, kitoblarini qo’ydi. Viloyatda birinchi bo’lib “Qiziqarli matematika kechasi”ni o’tkazdi. Madaliyeva matematikadan dars berishda televideniye imkoniyatlaridan keng foydalanishni yo’lga qo’ydi. O’zbekiston televideniyesi uning stsenariysini “bilmasvoy matematika kechasida” nomi bilan namoyish etdi. Xuddi shunday ko’rsatuv Al-Xorazmiy tavalludining 1200 yilligiga bag’ishlangan xalqaro ilmiy anjuman qantashchilariga ham namoyish etildi. Madaliyeva darsda ko’rgazmali vosita va kompyuterlardan unumli foydalanadi. Madaliyeva “Sahnada — matematika” kitobi va “Ko’pburchaklar tashkiloti va Ahmad” instsenirovkasi muallifi.