Osaka

Osaka — Yaponiyadagi shahar. Xonsyu orolining janub qismida. Osaka Prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 2,6 million kishi (2000). Osaka — kattaligi va iqtisodiy ahamiyati jihatdan mamlakatda 2-o’rinni egallaydi. Transport yo’llarining muhim tuguni. Ichki Yapon dengizi sohilidagi yirik port (yiliga 90 million tonnadan ortiq yuk ortib-tushiriladi). Itami aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Osaka — mamlakatning savdo-moliya markazi. Fond, sholi, paxta birjalari, banklar bor. Og’ir sanoat markazi (jumladan, po’lat, prokat, rangli metal buyumlari ishlab chiqariladi). Aniq mashinasozlik, kemachilik, energetika, priborsozlik va stanoksozlik, to’qimachilik, kimyo-farmasevtika, yog’ochsozlik, poligrafiya, tsement, oyna-keramika sanoati korxonalari mavjud. 1933 yilda metropoliten qurilgan. 13 universitet va boshqa oliy o’quv yurtlari, nafis san’at muzeyi va boshqa muzeylar, planetariy, teatrlar, botanika va hayvonot bog’lari bor. Shahar 4-7-asrlardan tilga olingan. Dastlab Naniva, 15-asrdan Osaka deb atalgan. 16-asr oxiridan Osaka mamlakat hoki-Mining qarorgohi va yirik savdo shahri. O’rta asr me’moriy yodgorliklaridan ibodatxonalar, qasr va boshqalar bor. 1970 yilda shaharda «EKSPO—70» butun jahon ko’rgazmasi bo’lib o’tgan.