Osetin tili

Osetin tili — hind-Yevropa tillari oilasining eroniy tillar guruhiga mansub, asosan shim. Osetiya-Alaniyada va Janubiy Osetiya Muxtor viloyatida, shuningdek, Kabarda-Balkariyada tarqalgan til. 500 mingdan ortiq kishi so’zlashadi. 2 asosiy lahjasi bor: adabiy tilga asos bo’lgan Iron lahjasi va digor lahjasi. Digor lahjasi shimoliy Osetiyaning g’arbida, Iron lahjasi esa shimoliy Osetiyaning qolgan hududlarida va Janubiy Osetiyada qo’llanadi. Osetin tilining o’ziga xos tomoni shundaki, u ham qadimgi Yevropa tillari, ham Kavkaz tillari bilan uzoq yillar aloqada bo’lgan. Natijada boshqa eroniy tillardan farqli ravishda uning fonetikasida portlovchi bo’g’iz undoshlari, morfologiyasida ko’p kelishikli agglyutinativ turlanish paydo bo’lgan. Yozuvi 18-asr oxiridan mavjud. 1844 yilda akademik A. Shyogren kirillitsa asosida yozuv yaratgan edi. Osetin tili 1923-38 yillarda lotin grafikasidan foydalangan. 1938 yildan yozuvi rus grafikasi asosida; Janubiy osetinlar 1938-54 yillarda gruzin yozuvidan foydalanganlar.