Oshhalol, oshiqalol, Oshalol

Oshhalol, oshiqalol, Oshalol — O’rta Osiyo xalqlarida, jumladan, o’zbeklarda podachilarga taom berish odati. O’tmishda qishloqlarda moli kam oilalar o’z mollarini (ko’pincha qoramollarini) birlashtirib poda tashkil etganlar. Erta bahorda jamoa yig’inida qishloq podasini boqish uchun kambag’alroq va tajribali bir kishi podachi qilib tanlangan. Podachi o’z mehnati evaziga (mol boshi va katta-kichikligiga qarab) har oyning oxirida kelishuvga ko’ra, natura (don) yoki pul olishdan tashqari mol egalaridan har chorshanba kuni bitta non (mol soniga qarab), juma yoki yakshanba — bozor oqshomi kunlarida esa pishirilgan taom olgan. Odatda kechqurun poda qaytganda podachining o’g’illari xonadonma xonadon yurib Oshhalol yiqqanlar. Mol egalari Oshhalol sifatida ularga go’ja, ayron yoki non berishgan. Podachi taomlarni oilasi bilan tanovul qilib ortganini esa yaylovga olib chiqqan. Shu boisdan ham podachiga beriladigan bu taom Oshhalol (ya’ni, podachining halol mehnati uchun berilgan osh, taom), deb atalgan.