MADALIYEV ZUNNUN

MADALIYEV ZUNNUN (1914.20.5, Shahrixon shahri — 1980.7.9, Farg’ona) — aktyor va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1967). Sahna faoliyatini 1930 yil Andijon teatrida boshlagan. 1933-39-yillar Asaka kolxoz—sovxoz teatrida, 1940 yil DAK Farg’ona viloyat musiqali drama va komediya teatrida aktyor, rejissyor, bosh rejissyor. Qahramonlik va komik rollar ustasi sifatida tanilgan. Ortiqcha xatti-harakat usullarisiz qahramon qiyofasini ocha bilish layoqatiga, sahnadagi sherigi (partnyori)ni o’ziga ergashtira oladigan, kechinmalariga sherik qila oladigan, kuchli psixologik talqin mahoratiga ega san’atkor bo’lgan. Yaxshivoy («Nomus va muhabbat»), Kablayi («besh so’mlik kelin»), Majididdin («Alisher Navoiy»), Mavlon («shohi so’zana»), Ferdinand («makr na muhabbat»), Toshbolta («Toshbolta oshiq»), Xolmat («boy ila xizmatchi»), Tartalya («baxtli gadolar») singari turli janr, insonlar toifasiga oid yuzdan ortiq obrazlar yaratgan. Rejissyor sifatida «Mavlono Muqimiy» (S. Abdulla), «Hamza» (K. Yashin. A. Umariy), «Maysaraning ishi» (Hamza), «Gulsara» (K. Yashin, M. Muxamedov), «Ajab savdolar» (H. G’ulom), «Layli va Majnun» (Xurshid), «Alpomish», «gul va Navro’z» (S. Abdulla), «Boqi va Soqi (Ya. Mamatxonov) kabi spektakllarni sahnalashtirgan.