Qorao’zak tumani
Qorao’zak tumani — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1928 yilda tuzilgan. 1959 yil mart oyida Taxtako’pir tumaniga qo’shib yuborilgan. 1975 yil 26 noyabrda qayta tashkil etilgan. Shimoldan Mo’ynoq, g’arbdan Chimboy, Kegeyli, Nukus tumanlari, Janub va Janubi-sharqdan Amudaryo, Beruniy tumanlari, sharqdan Taxtako’pir tumani bilan chegaradosh. Maydoni 5,9 ming km2. Aholisi 44,2 ming kishi (2005). Tumanda 1 shaharcha (Qorao’zak), 8 ovul fuqarolari yig’ini (Madaniyat, Berdaq, Esimo’zak, Olg’abos, Qorabug’a, Qorako’l, Qorao’zak, Qo’yboq) bor. Tuman markazi — Qorao’zak shaharchasi. Tabiati. Yer yuzasi, asosan, tekislik. Tumanning shimoliy-Sharqiy qismini Beltov qirlarining qumliklari, Janub qismidagi katta hududni Toshquduq qumliklari egallagan. Janub chekkasida Sulton Uvays tog’i (eng baland joyi — Qoraching’il 485 metr) joylashgan. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 5° dan — 8°gacha. Eng past temperatura -35°, iyulniki 26-28°. Eng yuqori temperatura iyulda 42°. Sovuq bo’lmaydigan davr 195-200 kun. Yillik yog’in 110 mm, asosan, qish va bahor oylarida yog’adi. Tuman xo’jaliklari Quvonish-jarma kanali tarmoqlari — Esimo’zak, Ko’ko’zak va Markaziy kanallaridan suv oladi. Janub chekkasidan Amudaryo oqib o’tadi. Tuproqlari o’tloqi- bo’z, qumloq-bo’z, o’tloqi, o’tloqi-botqoq va sho’rxok tuproqlar. Janub qismida katta ko’chma va yarim ko’chma qumliklar bor. Tabiiy o’simliklardan sho’ra, ajriq, bug’doyiq, qamish; qumloq yerlarda shuvoq, rang, juzg’un; qumlarda saksovullar, boyalich, cherkez va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan sudralib yuruvchilar (kaltakesaklar, toshbaqa, ilonlar) va kemiruvchilar (yumron-qoziq, kalamush, sichqonlar) yashaydi. Shuningdek chiyabo’ri, bo’rsiq, jayran, tulki; qushlardan xo’jasavdogar, burgut, suvlarida baliqlar bor. Aholisi, asosan, qoraqalpoq, o’zbek va qozoqlar, shuningdek, rus, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 7,5 kishi. Shahar aholisi 12,3 ming kishi, qishloq aholisi 31,9 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda qurilish tashkilotlari, ipakchilik, don qabul qilish boshqarmasi, paxta tozalash zavodi, 3 paxta qabul qilish punkti, 2 avtokorxona, MTP, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, kichik va o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar bor. Elektr energiyani Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasidan oladi. Tuman qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i paxtachilik bo’lib, chorvachilik, sholikorlik, ipakchilik ham rivojlangan. Qorao’zak tumanida 1 chorva shirkat xo’jaligi, 1 tajriba xo’jaligi, 500 dan ziyod fermer xo’jaligi mavjud. Umumiy maydoni 587,1 ming gektar, shu jumladan, sug’oriladigan maydonlari 32,1 ming gektar. Umumiy ekin maydoni 14,8 ming gektar, shu jumladan, 3,3 ming gektar yerga paxta, 7,9 ming gektar maydonga don ekinlari; 127 gektar yerga sabzavot, 446 gektar yerga poliz ekinlari ekiladi (2005). Mevali bog’lar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda 17,7 ming qoramol, 47,5 ming qo’y va echki, 923 yilqi, 226 tuya boqiladi. Tumanda 32 umumiy ta’lim maktabi va 1 litsey (10,2 ming o’quvchi), bolalar musiqa maktablari, qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji (450 talaba), 2 madaniyat uyi, 235 ming kitobga ega bo’lgan 2 kutubxona bor. Tibbiyot sohasi bo’yicha 210 o’rinli kasalxona, 22 feldsher-akusherlik punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 9 qishloq vrachlik punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 62 vrach, 566 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Qorao’zak tumanidan Xalqobod orqali Nukus shahrigacha bo’lgan 72 kilometrli masofada avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.