Qoraqalpog’iston davlat san’at muzeyi

Qoraqalpog’iston davlat san’at muzeyi, I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog’iston davlat san’at muzeyi — respublikadagi yirik muzeylardan; Nukus shahrida 1966 yilda tashkil topgan, 1984 yildan N.V.Saviskiy nomi bilan ataladi. Muzeyga I.Saviskiyning sa’y-harakati va u to’plagan qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlari negizida asos solingan. Muzeyning umumiy maydoni 6,9 ming kvadrat metr. Muzey xalq amaliy san’ati, qadimgi va o’rta asrlar Xorazm san’ati, 1920-30-yillar o’zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rangtasviri va haykaltaroshligi, ilmiy- ma’rifiy bo’limlar, kutubxona (10 ming dona asar), fond hamda ta’mirlash ustaxonasiga ega. Fondida 85 mingdan ortiq eksponat mavjud (2004). Muzey fondida 1920— 30-yillarda avangard rassomlar yaratgan asarlar to’plangan. Qoraqalpoq xalq ustalari tomonidan yaratilgan zargarlik, yog’och o’ymakorligi, kashtado’zlik, to’qimachilik (ayniqsa, o’tov jihozlari) va boshqa asarlar amaliy san’at bo’limida jamlangan. Qadimgi Xorazm san’ati bo’limi muzeyning arxeologik guruhlari tomonidan qo’lga kiritilgan topilmalar hisobiga yanada boyimoqda. Tasviriy san’at bo’limi to’plami, ayniqsa, serqirra: to’plamni qoraqalpoq rassomlari (I.Saviskiy, K,.Soipov, J. Quttimurodov, D.To’raniyozov va boshqalar), O’rta Osiyo rassomligining keksa avlodi A.Volkov, M.Qurzin, A.Nikolayev (Usto Mo’min), N.Karaxan, O’.Tansiqboyev va boshqalarning katta ahamiyatga ega asarlari tashkil etadi. Shuningdek, 1920-30-yillarda faol ijod etgan rus rassomlari A.Shevchenko, R.Falk, V.Muxina, I.Grabar asarlari bilan bir qatorda ijodi deyarli o’rganilmagan. R.Mazel, K.Redko, A.Safronov va boshqalarning asarlari ham qo’yilgan. Muzey eksponatlari monografiya (etyud, chizgidan tortib to etuk asarlar) tartibida to’plangani bilan ham qimmatlidir. Yana muzeyning o’ziga xosligi eksponatlarning zich joylanishi, ekspozitsiyalarda to’plamni to’laqonli namoyishiga erishganidadir. Muzey san’at asarlarini to’plash, targ’ib etish, kataloglar chop etish, ko’rgazmalar tashkil qilish bilan shug’ullanadi. Muzey qoshida gilamchilik ustaxonasi ishlab turibdi; «Nukus muzeyining do’stlari» klubi faoliyat olib boradi, ko’rgazmalar uyushtiradi. Muzey Xalqaro muzeylar qo’mitasi (IKOM) a’zosi. Muzey 1968-69 yillarda Moskvadagi Sharq muzeyida Qoraqalpoq to’plamini ilk bor namoyish etdi. 1970 yildan Respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSh, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Rossiya va boshqalar)dagi ko’rgazmalarda ishtirok etadi. Ad.: Gosudarstvenniy muzey iskusstv Karakalpakskoy ASSR, M., 1976; Avangard, osta-novlenix na Begu, L., 1989; Avangard XX veka. Iz sobraniya Gosudar-stvennogo muzeya iskusstv Respubliki Karakalpakstana, T., 2003. Marinika Babanazarova.