Ilk opera durdonasini kim yaratgan?
Musiqali teatr san’atining dunyodagi yetakchi opera jamoalari sahnasidan tushmay kelayotgan durdonasi bo’lgan «Orfer» operasining muallifi — kompozitor Klaudio Monteverdi haqli ravishda operaning birinchi mumtoz namoyandasi sanaladi. U favqulodda iste’dodli va oliymaqom darajada o’qimishli mug’anniy: kompozitor, xonanda, skripkanavoz bo’lgan. Monteverdi, uning iste’dodini yuksak qadrlagan gertsog Mantuanskiy saroyida xizmat qilgan. Binobarin musiqa tarixidagi ilk operalar hukmdor aslzodalar sharafiga uyushtirilgan tantanali bazmlarga bag’ishlab bastalangan edi. Masalan, bastakor Jakopo Perining «Evridika» operasi Fransiya qiroli Genrix IV va Mariya Medichining nikoh to’ylari munosabati bilan uyushtirilgan shodiyonaning ajoyib ziynatlaridan biri bo’lib xizmat qiladi. Ilk opera kompozitorlari Peri va Kachchinining muvaffaqiyati shu qadar zalvorli ediki, qo’l ostida daho Monteverdi xizmat qilayotgan gersog Vinchenso xos saroyining yonida o’zini ham musiqali dramada bir sinab ko’rishlarini taklif etadi. Tabiiyki, xo’jayinning istagi qanoatlantiriladi. Darvoqe, buyuk Mug’anniyning opera san’ati bobida qalamini sinab ko’rishi haqiqiy durdona yaratilmog’iga turtki bo’ldi. Orfey va Evridikaning fojeali sevgisidan so’zlovchi qadimgi yunon afsonasi syujetiga asosan bastalangan «Orfey» operasi (Alessandro Stridjo librettosi) ilk daf’a 1607 yilning boshlarida namoyish etilgan va tomoshabinlar, ya’ni gertsog Mantuanskiy saroyi ahli hayrat barmog’ini tishlagan edilar. Tomoshaning muvaffaqiyati opera ikki marotaba, 1609 va 1615 yillarda chop etilishi bilan ham tavsiflanadi. O’sha zamonlarga xos ajoyib va betakror voqea. Monteverdi musiqa tarixiga 19 opera muallifi va ilk opera uvertyurasi — sarahborining yaratuvchisi sifatida kirgan. «Orfey» namoyish etilganidan keyin bir yil o’tgach kompozitor o’zining yangi asari — «Ariadna» operasini namoyish ettiradiki, uning notalari (bir ariyasidan tashqari), afsuski, saqlanib qolmagan.