Ilk skripkani kim yasagan?

Siz, simfonik orkestrdagi yuzdan ziyod mug’anniylarning o’ttizdan ortig’i — skripkachilar ekanligini bilasizmi? Skripkadan taraladigan xush sado va tovushlarni ifodalash keng diapozoni boshqa musiqa asboblarinikidan a’loroq va katta hisoblanadi. Skripka o’z kamolotida bir talay asrlarni boshdan kechirgan. Uning tarixi Hindistonda yuz ochgan. Aynan shu diyorda ilk marotaba torli musiqa asboblarini chalish uchun kamonchadan istifoda etishgan. O’rta asrlarda esa Yevropada turli musiqa asboblarini kamoncha bilan chalishgan. Shulardan biri Viola — to’rttorli gijjak ediki, u, ehtimol, X asrda Yevropaga olib kelingan. Xuddi skripka singari Viola ham ijrochining yelkasiga qadalar edi. Keyinchalik Viola ko’hna uchtorli skripka (rebeki) ta’siri ostida o’zgardi. Asl nomi robab bo’lmish bu musiqa asbobi arablarga taalluqli bo’lib, u Ispaniya orqali Yevropaning qolgan qismlariga ham tarqala boshladi. Violaning nafis qurilmali xarraklar-kiftlarga ega nozik korpusidan (xarrak — musiqa asboblaridagi torlarni taranglash va sozlash uchun maxsus unsur) uchtorli skripkaga o’tish tufayli musiqa asboblarining yangi turkumi dunyoga keldi. Skripka o’zining hozirgi ko’rinishiga 1550 va 1600 yillar oralig’ida ega bo’ladiki, biz hozir biladiganimiz singari ilk musiqa asbobini kim yasaganligini aytib berishning imkoniyati yo’q. Eng a’lo skripkalar XVII—XVIII asrlarda yasalgan edi. Italiyada skripkasoz qo’li gul ustalarning dongdor sulolalari yashar edi. Ulardan har biri o’zining shaxsiy sir-asroriga ega bo’lib, otalar ularni o’g’illariga meros qoldirishardi. Kremona shahridan bo’lmish Amatilar xonadoni noyob ohangdorlikka va mayin jarangga ega skripkalar yasar edilar. Uzoq vaqt hech kim skripkani ulardan o’tkazib yasashi mumkin emas deb hisoblashgan. Ammo Nikolo Amatining Antonio Stradivari degan ajoyib shogirdi bor edi. Uni ustalarning ustasi deb atashardi, usta yuksak saviyadagi konsert fazilatlari bilan ajralib turuvchi skripkalar yasadi, Antonio musiqa asbobi ovozini odamzot ovozining tembrlariga yaqinlashtirishga muyassar bo’ldi. Naql qilishlaricha, Stradivari 1116 dona musiqa asbobi tayyorlagan va ulardan 540 donasi hali ham mavjud. Har birisi haddan tashqari yirik summada baholanadi va mashhur san’at asari hisoblanadi. 1784-1840 yillarda yashab o’tgan Nikolo Paganini barcha zamonlarning tengi topilmas skripkachisi bo’lgan. Uning nomi afsonalar izdihomida. Mug’anniyni hattoki jodugarlikda ayblashadi, oddiy odam sehrli kuchlar yordamisiz skripkani bu qadar zo’r chalishiga ishonmas edilar-da.