Ilk yo’llar qanaqa bo’lgan?

Ilk yo’llarning ishonchli tavsifi bizning zamonimizga qadar kam yetib kelgan. Qadimgi Rimda qurilgan yo’llarning tavsifi birmuncha batafsilroq. O’sha zamonlarda metropoliyaning (asosiy shahar — poytaxtning) viloyatlar bilan bog’lanishi uchun 85 000 kilometr uzunlikdagi yo’llar tarmog’i bunyod etilgan edi. Rim yo’llarining kengligi 4,5 metr atrofida bo’lgan va besh qatlamdan tarkib topgan. Uning qiyalamasi talqonlangan lava bilan qoplangan, asosi esa shibbalangan mayda shag’aldan iborat bo’lgan. Yuqoridan bostirilgan yirik toshtaxtachalar ohak qorishmasi bilan mustahkamlangan edi. Bunaqa yo’l har qanday ob-havo sharoitida mustahkamligi va o’tkazuvchanlik qobiliyatini saqlagan. Suv oqovasini osonlashtirish maqsadida yo’ldan o’ngda va chapda kyuvetlar — xuddi yo’lning o’zidek tosh qoplamali ariqchalar jihozlangan edi. Rimliklar tomonidan yaratilgan yo’llar qurish texnologiyasi XIX asr boshlariga qadar, ya’ni shotlandiyalik muhandis Jon Mak — Adam (1756 — 1836) yo’l qoplamasining tubdan yangi konstruktsiyasini yaratgan pallagacha deyarli o’zgarmasdan qoldi. U asos qalinligini kamaytirdi, chunki astoydil shibbalangan tuproq ham zarur yuklanmaga dosh berishga qobil ekanligini yaxshi tushungan edi-da. MAK—Adam shibbalangan tuproqqa qum bilan aralashtirilgan yirik-yirik shag’aldan ikki qatlam yotqizadi. Astoydil shibbalangan shag’al mayda shag’alli tutib turuvchi sirt bilan qoplangan edi. MAK—Adam ixtirosining mohiyati shundaki, qattiq po’lat g’ildirakli ekipajlar birin-sirin mayda shag’alni talqonlar va suv o’tkazmas sirt hosil qilgan holda yo’lni tekislar edi. Yo’lning mustahkamligini saqlab turish uchun vaqti-vaqtida qum sepib turish kerak edi. Buningdek yo’llarni butun dunyo bo’ylab qura boshladilar va «MakAdam» deb atadilar. MAK -Adamning to’shama yo’llari ekipajlar mayda shag’alni talqon qilolmaydigan rezina shinalarga o’tgunga qadar o’zining belgilangan maqsadiga a’lo darajada javob berdi. Shuning uchun ham ular ixtiro etilgandan keyin Mak— Adam yo’llarini jinday takomillashtirishga to’g’ri keldi: yirik shag’alga neftdan olingan bog’lovchi modda shimdiriladigan bo’ldi. Gudron shimdirilgan qum asfalt nomini oldi. Shu tarzda, insoniyat rimliklarning tosh yo’llaridan zamonaviy asfalt to’shamalilariga qadar yetib keldi.