1916 yilgi Jizzax qo’zg’oloni

Rossiya imperiyasining 1914 yilda boshlangan birinchi jahon urushiga tortilishi va urushda yuz bergan muammo va qiyinchiliklar oqibatida imperator Nikolay II ning 1916 yil 25 iyunda imzolangan “Imperiyadagi rus bo’lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo’llari qurish uchun olib boriladigan ishlarga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo’lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish to’g’risida”gi farmoni e’lon qilindi. Ushbu farmonda Turkiston xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan jami 250 ming, jumladan, Samarqand hududidan 99 ming, Sirdaryo hududidan 87 ming, Farg’ona hududidan 50 ming erkaklarni safarbar qilish ko’rsatilgan edi. Samarqand viloyati tarkibidagi Jizzax uyezdidan 10531 erkakni front orqasidagi ishlarga mardikorlikka chaqiriladigan bo’ldi. Shu jumladan, Jizzax shahridan 655 kishi, Zomin volosti bo’yicha 731 kishi, Sangzor volosidan 2891 kishi, Bog’don volosti bo’yicha 2311 kishi front orqasidagi ishlarga mardikorlikka safarbar etilishi mo’ljallangan edi. Podsho farmonining e’lon qilinishi va mardikorlikka olish bo’yicha tadbirlar mehnakashlar ommasinign qahru g’azabi va nafratini kuchaytirib, ommaviy qo’zg’olonga aylanib ketishiga olib keldi. Dahshatli fojealar bilan kechgan qo’zg’olonlar butun Turkiston o’lkasida yuz berganligi ko’plab tarixiy manbalarda, shuningdek, Oybek, Abdulla Qahhor va Nazir Safarov kabi taniqli adiblarning avtobiografik asarlarida ham haqqoniy ko’rsatilgan.

Jizzaxdagi qo’zg’olon davomida o’zining butun qalbu vujudini mehnatkash xalq baxtiga baxshida etgan Nazirxo’ja Abdusalomov, Muhammad Rahim, Abdurahmon jevachi Abdujabborov, Ziyo qori Abdullayev, Mamasharif Husainov, Komi qori Bobojon o’g’li, Muhiddin Xo’jayev va boshqa haqiqiy xalq yetakchilari yetishib chiqdi.

Turkiston ziyolilari boshlagan jadidchilik harakatining bir guruh peshqadam vakillari ishtirokida o’tgan yig’inda Rossiya imperatori Nikolay II ning 1916 yil 25 iyundagi farmonini bekor qilishni talab qildilar, aks holda butun o’lkada birdaniga isyon ko’tarish g’oyasini ilgari surdilar. “Yosh buxoroliklar” rahbarligidan Usmonxo’ja Po’latxo’ja o’g’li, “Yosh xivaliklar” rahbari Pahlavon Niyoz hoji, Turkiston jadidlar harakatining peshqadamlari – Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar qori Absurashidxon o’g’li, Jizzaxdan Komil qori Bobojon o’g’li, Qo’qondan Obidjon Mahmud o’g’li va boshqalarning ishtirokida Samarqandda o’tgan yig’inda mardikor olish to’g’risidagi farmonga qarshi tadbirlar ishlab chiqildi. Komil qori Bobojon o’g’li Jizzaxga yetib kelgach, Nazirxo’ja Abdusalomov, Ziyo qori Abdullayev, Muhammadrahim Abdurahimovlar bilan maslahatlashib, Turkistonning boshqa viloyatlarida ko’tariladigan qo’zg’olon qatnashchilari bilan aloqa o’rnatish uchun Nazirxo’jani Toshkentga, Mulla Ibrohim bilan Mulla Davronbekni Samarqandga, Muhammadrahimni Bog’donga yuboradilar. Jizzaxning boshqa volostlariga, ishonchli kishilar orqali xat jo’natiladi. Ular qo’zg’olonchilarni joylarda kurash olib borayotgan qasoskorlar bilan birlashib harakat qilishga chaqiradilar. Biroq Turkiston general-gubernatorligi tomonidan ko’rilgan tadbirlar, zo’ravonlik tufayli butun o’lka qo’zg’olonchilari birlashib harakat qila olmadilar, qo’zg’olon tarqoq holda, shahar, uyezd, volostlar miqyosida o’tdi. Mardikorlikka ketadiganlarni ro’yxatga olish jarayonida shahar va uyezdlarda, jumladan, Jizzax uyezdida amaldorlar mo’may daromad olishga harakat qilishib, boylarning bolalarini pul evaziga ro’yxatga kiritishmagani, aholining ayanch turmush hayoti qo’zg’olon ko’tarishiga turtki bo’ldi. Qo’zg’olon 1916 yil 4 iyul kuni Xo’jandda, 9 iyul kuni Qo’qon uyezdida, 11 iyul kuni Samarqand va Toshkentda, 13 iyul kuni Jizzax uyezdida ommaviy tus oldi.

Jizzax shahrida boshlangan qo’zg’olonga Nazirxo’ja Abdusalomov, Ziyo qori Abdullayev, Muhammad Xo’jayev, Komil qori Bobojonov, Muhammad Ashurov, Bog’donda Abdurahmon jevachi Abdujabborov, Sangzor volostida aka-uka To’raqul va Eshonqul To’rabekovlar, Zomin volostida Turdiboy Xudoynazarov, Karim Orziqulov kabi xalq yo’lboshchilari boshchilik qildilar. Zomin volostidagi Qirq qishlog’ida Karim Orziqulov boshliq olamon ellikboshilardan Norcha va Qulbeklarni o’ldirishadi. Qo’zg’olonchilarning Turdibek Xudoynazarov boshchiligidagi 500 kishilik yana bir guruh Chuqurtaq qishloq oqsoqoli Mulla Mahkamboy, Mulla Ro’ziqulovni toshbo’ron qilib o’ldirishadi. Zomin pristavi Sovelov qurolli qo’zg’olonni bostirish uchun soqchilar va tarjimoni bilan Yom volostiga kelib qo’zg’olon tashabbuschilaridan 7 kishini, shu jumladan, Karim Orziqulov bilan Turdibek Xudoynazarovni qo’lga tushirib, soqchilar hamda Yom volosti boshqaruvchisi Mulla Fozilov bilan Zominga jo’naydi. Lekin ular yo’lda 800 kishilik qo’zg’olonchilar hujumiga duch keladi. Qo’zg’olonchilar qo’lga olingan Karim Orziqulov bilan Turdibek Xudoynazarovlarni ozod qiladilar, pristav Sobelov esa qochib qutulishga muvaffaq bo’ladi. Yom volostidagi singari qo’zg’olon harakatlari Yangiqo’rg’on, Zomin, Sangzor va boshqa volostlarda ham ro’y berdi.

1916 yilgi milliy-ozodlik harakatining eng kuchaygan nuqtasi 13 iyul kuni Jizzax qo’zg’oloni boshlanadi. 13 iyul kuni uyezd hokimi polkovnik Rukin Qassoblik masjidida bo’lgan yig’ilishda “mardikorlikka olish bekor qilindi”, deb xalqni aldamoqchi bo’ldi. Mustamlakachi va mahalliy ma’murlarning o’zaro til biriktirib xalq ommasiga nisbatan zo’ravonlik, do’q-po’pisa siyosati mehnatkashlarning nafrat-nadomatini yanada oshiradi. Qo’zg’olon jiddiy tus oladi. Mehnatkash xalq zulm va zo’ravonlikka qarshi yoppasiga qo’zg’olon ko’tarib Eski shahar bozori atrofidagi mahkamada shahar oqsoqoli Mirzayor Xudoyorxonovdan mardikorlikka olinuvchilar  ro’yxatini berishni talab qilishadi. Oqsoqol kishilarni tinchitish o’rniga kurakda turmaydigan so’zlar bilan haqorat qiladi. “Oqqo’rg’on” mahallasida istiqomat qiluvchi qo’zg’olonchi Abdunazar ismli kishi Mirzayorga tashlanib, uni yerga yiqitadi. Olomon unga tashlanib mushtlab o’ldiradi. Qo’zg’olonchilar mahkamadagi mardikorlikka olinadiganlar ro’yxatini topib olib, yondirib tashlashadi va Beshquvurdagi uyezd hokimi mahkamasiga yo’l olishadi.

Qahr-g’azabga to’lgan qo’zg’olonchilar Toshloq mavzesida otliq soqchilar bilan qurshab olingan uyezd hokimi polkovnik P.I.Rukin, shtabs-kapitan P.D.Zotogolov, mahalliy mirshab Komil Jumanboyev, soqchi askar Gritsenko, tilmoch Mirzahamdam Zokirjonovlar guruhiga duch kelishadi, o’rtada ur-yiqit, otishma boshlandi. Qo’zg’olonchilar ularni o’ldirishadi. To’qnashuvda ko’plab qo’zg’olonchilar ham halok bo’ladilar. Qo’zg’olonchilarning qolgan qismi Nazirxo’ja Abdusalomov boshchiligida, podpolkovnik Afanasyev boshchiligidagi jazo otryadi bilan jangga kirishadi. Afanasyev jazo otryadi qo’zg’olonni bostira olmay, o’zlarini mudofaa qilishga o’tadi. Qo’zg’olonchilar katta talafotlarga qaramay hujumni davom ettiradilar. Jizzax temir yo’l shohbekatidagi neft zaxiralari yondiriladi, temir yo’l izlari buziladi, aloqa simlari uzib tashlanadi. Obruchevo, Lomakino, Kuropatkino, Rostovtsevo temir yo’l bekatlaridagi 6 ta temir yo’l ko’priklari buzib tashlanadi.

Jizzax shahrida ko’tarilgan qo’zg’olon tez orada shahar atrofidagi Bog’don, Zomin, Sangzor, Yangiqo’rg’on, Yom, Ravot, Qoratosh, O’smat va boshqa volostlarga ham yoyiladi. Ayniqsa, Abdurahmon jevachi boshchiligidagi Bog’don volostida kelgindi, mustamlakachi va mahalliy amaldorlarning mustamlakachilik zulmiga qarshi bosh ko’targan bog’donliklarning jasoratlari Vatan tarixida alohida o’rin tutadi.

Abdurahmon jevachi bosqinchi mustamlakachilarga qarshi faqat barcha kuchlarni birlashtirib kurash olib borish orqali g’alabaga erishish mumkin deb hisoblaydi. Shu maqsadda u jizzaxlik jadidlar tomonidan qo’zg’olonni tashkil qilish uchun yuborilgan Muhammadrahim Abdurahimov bilan maslahatlashib, aholi o’rtasida targ’ibot-tashviqot ishlarini uyushtiradi. Volostga qarashli qishloqlarda targ’ibot ishlarini olib borish uchun Yangiqishloqqa ukasi Bobobekni, Ko’lva qishlog’iga Baxtiboyni, Ilonchi qishlog’iga Joynoq Abdurahimov, Ziyod Soriyev va Jo’ra Abdug’afforovni, Yotoq qishlog’iga Shakarboy Imomboyevni, Nurak qishlog’iga Zulfiqor Yo’ldoshevlarni safarbar qiladi. Abdurahmon jevachi Jizzax vohasida ko’tarilgan barcha qo’zg’olonchi kuchlarni birlashtirish maqsadida Jizzax shahriga Nazirxo’ja Abdusalomov huzuriga ukasi Bobobek Abdujabborovni yuboradi. Bobobek Jizzaxdan qaytib kelgach, Abdurahmon jevarchi Shotolib qishlog’idan o’z uyida Muhammad Rahim, Mulla Davronbek va boshqa faollar to’planishib majlis o’tkazishadi. Majlisda qo’zg’olonni tashkiliy jihatdan tayyorlash, Jizzax qo’zg’oloniga amaliy yordam berish, istilochi qo’shinlarga birlashib kurashish va Turkiston o’lkasi mustaqilligini ta’minlash kabi masalalar muhokama qilinadi.

13-iyul kunining ikinchi yarmida Jizzax qo’zg’oloni boshlangani haqida xabar Bog’donga yetib kelgach, Bog’don volostida ham qo’zg’olon boshlanadi. Bog’donda boshlangan qo’zg’olon butun Forish, Narvon, Sintob va boshqa qishloqlarda ham qo’llab-quvvatlanadi. Bog’donda boshlangan qo’zg’olonga Abdurahmon jevachining o’g’illari Mulla Dovil, Doston, Sorabek, ukasi Bobobek Abdujabborov, Yangiqishloqda Omon Ibragimov, Umar Tursunqulov, Oq buloqdan Mulla Ko’liboy Jabborov, Safar otadan Avaz Iskandarov va boshqalar boshchilik qildilar.

Qo’zg’olonchilar Bog’don volosti boshlig’i – pristavi Brollani qo’lga tushirish rejasini tuzgan edilar, ammo pristavning ayg’oqchilari unga bu xabarni yetkazishgach, u 14 iyul kuni Bog’dondan chiqib ko’chmanchi chorvadorlar huzuridan panoh topadi. 14 iyul kuni Abdurahmon jevachi boshchiligidagi qo’zg’olonchilar mustamlakachilarning Bog’don volosti mahkamasiga hujum qilib, 1950 nafar mardikorlikka olinuvchilar ro’yxatini qo’lga tushirib, yondirib tashlaydilar. Mahkamadagi qurol-yarog’larni qo’lga kiritib, mirshablar xonasini ostin-ustun qilib, barcha buyum buyumlarni sindirib tashlaydilar. Pristav aloqachisi S.N.Sibirtsevning, Jizzaxdan Bog’donga jazo otryadini chaqirish to’g’risidagi maxfiy xatini qo’lga tushiradilar. Qo’zg’olonchilar Sibirtsevni o’ldiradilar, mahkamaning boshqa xodimlari hibsga olinadi.

Sangzor, Bog’don, Zomin volostlaridan 3 mingdan ko’proq qo’zg’olonchilar Jizzax tomon yo’l oladi. Podpolkovnik Afanasye qo’mondonlik qilgan jazo otryadi qo’zg’olonni bostira olmaydi. Turkiston general-gubernatorligi Jizzaxga qo’shimcha ravishda polkovnik Ivanov boshchiligida 13 rota askar, 3 rota kazak jangari, otryasi, 3 rota sapyorlar, 6 ta to’pli batareya – hammasi bo’lib 2,5 ming kishilik jazo otryadini yuboradi. 1916 yil 21 iyulda Abdurahmon jevachi boshchiligidagi qo’zg’olonchilar Jizzax tomon yuradi. O’sha kuni Jizzaxning g’arb tomonidagi Qili nomli manzilgohda Afanasyev qo’shinlariga qarshi jangga kiradi va uni chekinishga majbur qiladi. Afanasev qo’shinlari yengilish arafasida polkovnik Ivanov boshchiligidagi katta harbiy qo’shin yetib keladi. Ayovsiz jangda qo’zg’olonchilar yengiladi.

1916 yil 21 iyulda Qili yonida bo’lgan jangda qo’zg’olonchilar yengilgach, jazo otryadi boshlig’i polkovnik Ivanovning Bog’donda qo’zg’olonda qatnashgan kishilardan o’ch olish, ularning mol-mulkini, yerlarini tortib olish haqidagi taklifiga binoan Rossiya imperiyasi hukumati tomonidan davlat maslahatchisi Papenguta raisligida maxsus komissiya tuziladi. Qo’zg’olonchilarga boshchilik qilgan Nazirxo’ja, Muhammadrahim, Komil qori, Ziyo qori, Abdurahmon jevachi, Nuriddin hoji va boshqalarga qarashli 1810 desyatina eng hosildor yerlar tortib olinib, rus amaldorlariga bo’lib beriladi. Mingdan ortiq qo’zg’olonchi qamoqqa olinib, ularning ko’pi qatl etiladi. Qo’zg’olonchilarni ayovsiz jazolashdagi “qahramonlik”lari evaziga polkovnik P.Ivanovga general unvoni beriladi va Farg’ona viloyati harbiy gubernatori lavozimiga ko’tariladi.

1916 yilgi Jizzax qo’zg’oloni qurol kuchi bilan bostirilgach, barcha Jizzaxlik jadidlar qo’lga olinadi. S.Afanasyev, P.Ivanov boshchiligidagi insoniylik qiyofasini yo’qotgan jazo otryadi tomonidan Yangiqishloq, Ilonchi, To’qay, Yom, Yotoq, Nurak, Qoratosh, Anamuna, Sarimsoq, Sharilloq, Safar ota, Majrum va boshqa o’nlab qishloq va ovullarga batamom o’t qo’yib kulini ko’kka sovuradilar. Yuzlab kishilar qo’zg’olonga qatnashishi yoki qatnashmaganligidan qat’i nazar qamoqqa olinib, so’roqsiz otib tashlanadi, osiladi, Sibirga surgun qilinadi. Bog’don qo’zg’oloni rahbari Abdurahmon jevachi va uning safdoshlari Jizzaxning Qo’tirbuloq mavzesida harbiy dala sudining hukmi bilan osib o’ldiriladi. Jadialar harakatinign rahnamolaridan biri Komil qorining farzandlari, nabiralari hozirgi paytda o’zlarining halol mehnatlari bilan ota-bobolari ruhini shod etmoqdalar. Boboning to’ng’ich o’g’li Mamajon Komilov Sankt-Peterburgdagi moliya texnikumini, Toshkent xalq xo’jaligi institutini tugatgach, Jizzax tumanidagi moliya bo’limida rahbarlik lavozimida mehnat qilib, xalq hurmatiga sazovor bo’ldi. Nabiralaridan To’lqin Mamajonov (marhum) tibbiyot fanlari dokori, professor, Samarqand tibbiyot institutida kafedra mudiri, Bahrom Mamajonov fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, Jizzax davlat pedagogika instituti rektorining o’quv ishlari bo’yicha muovini, Olimjon Azimov tarix fanlari nomzodi, professor, uzoq yillar Samarqand shahar Ijroiya qo’mitasi raisi lavozimida mehnat qilgan. Kamoljon Azimov esa Jizzax tumanidagi Navoiy nomli jamoa xo’jaligiga raislik qilib, Mehnat Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Jazo otryadi dastlab qo’zg’olon tashkilotchilarining ko’plarini qo’lga tushira olmadi. Chunki ular bir muddat Forishning Nurota tog’larida yashirinib yurdilar. Jazavaga tushgan rus amaldorlari qo’zg’olon tashkilotchilarining yaqinlari, qarindosh-urug’lari boshiga og’ir kulfat soldilar. Ba’zilarini, hatto o’ldirib yubordilar. Jumladan, Muhammadrahim Abdurahimovning ukasi Isoqul Abdurahimovni Samarqand qamoqxonasida 6 oy qiynoqqa soladilar. Shundan so’ng “o’g’lingni topib bermasang, seni ajal kutyapti”, deb, Muhammadrahimning otasi Abdurahim domlaga dag’dag’a qiladilar. Uzoqdan bo’lsa-da, bu gaplardan xabardor bo’lib yurgan Muhammadrahim shundan so’ng ixtiyoriy ravishda o’zini podsho harbiylari qo’liga topshiradi. Uning uchun bundan boshqa yo’l yo’q edi. Muhammadrahim Abdurahimov rus podsholigining eng qattol dushmanlaridan biri sifatida harbiy dala sudining hukmi bilan shoshilinch dorga tortiladi.

Jazo otryadi Baxmal, G’allaorol, Forish tumanlarida qo’zg’olon ko’tagan kishilardan ayovsiz o’ch oldi. Podpolkovnik Vodopyanov Sangzor volostida ko’tarilgan qo’zg’olonchilarni bostirishga bevosita boshchilik qilib, Oldoshmon, Boyqo’ng’ir, Beklar, O’smat qishloqlaridagi uy-joylarga o’t qo’ydirdi, qo’zg’olonchi deb gumon qilingan kishilarni tergovsiz, so’roqsiz otib tashladi. Jazo otryadi Sangzor volostida qo’zg’olonga boshchilik qilgan To’raqul qozi Turadbekovni izlab, yuzlab kishilarni hibsga oladi va qozini tutib berishni talab qiladi. Afanasyev agar To’raqul qozini tutib jazo otryadiga topshirilmasa, qishloq ahli yoshu qari demay, yoppasiga qirg’in qilinishini uqtirib, do’q-po’pisa qiladi.

Ilojsiz qolgan Qo’zi hoji jazo otryadini Beklar qishlog’iga boshlab borishga majbur bo’ladi. To’raqul qozi bilan urug’dosh, quda-anda bo’lgani uchun afsus-nadomat chekib borayotgan Qo’zi hoji Sovuqbuloq qishlog’iga yetay deganda askarlardan namoz o’qib olishga izn so’rab, ibodat qilishga kirishadi. Uning hadeganda namozdan bosh ko’taravermaganidan shubhalangan askarlar sajdaga bosh qo’ygan Qo’zi hojini otib tashlaydilar.

25 iyul kuni tonga To’raqul qozi butun bir qishloqni qurbon qilmaslik uchun jazo otryadiga bo’yin egib keladi. Bu haqdagi xabar butun Sangzor volosti qishloqlari aholisi o’rtasida hayratomuz tez tarqaldi. Jazo otryadi To’raqul va Eshonqul Turadbekovlar, Rustam Dungaboyev, Aliqul Jo’rayev singari 130 ga yaqin qo’zg’olonchini hibsga olib, Jizzax turmasiga qamashadi. 1916 yil 24 noyabrda general-leytenant Ignatyevich, harbiy prokuror Perepilovskiy ishtirokidagi harbiy dala sudi hukmi bilan yuqorida nomlari zikr etilgan qo’zg’olonchilar bilan birgalikda qo’llariga qurol olib hokimiyatga qarshi bosh ko’targan 24 nafar sangzorlik qo’zg’olonchi osishga hukm etilib, 97 kishi turli muddatlarga Sibirga surgun qilinadi. Otishga hukm qilinganlar haqidagi hukm Samarqand shahrida ijro etiladi.

Jizzaxdagi jadidchilik harakati va qo’zg’olonning faol qatnashchilari: Ziyo qori Abdullayev, Komil qori Bobojonov, Nazirxo’ja Abdusalomov va Nuriddin hoji Ma’rufxo’jayevlar ham dala harbiy sudining hukmi bilan qatl etiladi. Nuriddin hoji nabiralari Nazira Nabixo’jayeva, Tamara Hodiyeva sobiq Ittifoq yillarida bobosining nomini abadiylashtirish borasida bir umr harakat qilishadi. Mustaqillik tufayli ularning istaklari ijobat bo’lib, ular istiqomat qilayotgan ko’cha bobolari Nuriddin hoji nomi bilan atalmoqda.

Jazo otryadi zulmiga qarshi qalbi qasos olishga to’lib-toshgan o’g’lonlar orasida Jizzax shahridagi “Xo’jalik” mahallasida tavallud topgan jasur yigit Muhammadxo’ja Hamroyev ham bor edi. Bu qo’zg’olonchi haqidagi asl haqiqat bilan istiqlol va mustaqillikdan keyingina tanishishga musharraf bo’lindi.

O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida saqlanaverib, sarg’ayib ketgan hujjatda bayon qilinishicha, 30 bahorni qarshilagan Muhammadxo’ja Hamroyev qo’zg’olonda faol qatnashib, jazo otryadi bilan yuzma-yuz keladi, bosqinchilar zobitini o’ldirib, shaharning goh u yerida, goh bu yerida yovga zarba berishda do’stlariga bosh-qosh bo’ladi.

Jazo otryadi qo’lga tushmas qasoskor orqasidan poyloqchi qo’yadi, bu ishda mahalliy sotqinlardan ham ustalik bilan foydalanadi. M.Hamroyev shaharda ko’p qo’zg’olonchilarni qo’lga olish va ularni otib tashlashda faol qatnashgan shahar politsiya jallodi Pavel Vaulinni otib tashlash uchun payt poylaydi va nihoyat 1916 yil 1 avgust kuni kallakesarni otmoqchi bo’lib, to’pponchasini qo’lga olayotgan bir paytda hibsga olinib, shahar qamoqxonasiga keltiriladi. Harbiy prokuratura tergovchilari kunu-tun inson bolasi chidab bo’lmaydigan darajadagi qiynoqlar bilan tergov ishlari olib boradilar. Biroq Muhammadxo’ja do’stlarini sotmaydi, uni qanchalik qiynoqqa solishmasin, biror-bir ma’lumot ololmaydilar.

Polkovnik Fleyzer raisligida harbiy dala sudi Hamroyev Muhammadxo’janing ishi yuzasidan quyidagi hukmni e’lon qiladi: “Jizzax shahar fuqarosi Muhammadxo’ja Hamroyev barcha huquqlardan mahrum qilinib, eng oliy jazo – osib o’ldirishga hukm qilinsin. Hukm ushbu kundan kuchga kiradi va uni ijro etish Jizzax jazo otryadi boshlig’iga topshirilsin!”.

Istiqlol uchun fidoyi kurashchi Muhammadxo’ja 1916 yil 20 avgust kuni O’rdada osib o’ldiriladi. Uning xotini homilador edi. Muhammadxo’ja o’limi oldidan turmush o’rtog’i Muharramoyga o’g’il ko’rsang O’rinboy, qiz ko’rsang O’rinoy deb ism qo’y deb vasiyat qiladi. Muhammadxo’janing vasiyati ijobat bo’lib, u qiz ko’radi. Qiziga O’rinoy deb ism qo’yadi. O’rinoy momo 86 yoshigacha shahardagi “Madaniyat” mahallasida istiqomat qilib, vafot etadi.

Qo’zg’olonchilar ustidan chiqarilgan hukmni ijro qilish uchun Jizzax bozorida (Eski shahardagi ilgarigi bozor bo’lsa kerak) dor o’rnatiladi. Shahar aholisini to’plab, “Isyon ko’targanlarning qismati shunday bo’ladi”, deb ko’z-ko’z qilib, qo’zg’olonchilar dorga osiladi. Ularning jasadi ham berilmay, yarim tunda allaqayerga olib borib dafn etiladi. Qo’zg’olonchilar dafn qilingan joy haligacha aniqlanmagan.

Turkiston o’lka harbiy prokurori, okrug harbiy dala sudining hukmida bayon qilingan aybnomada esa ushbu satrlarni o’qish mumkin: “Qo’zg’olonchilar 13 va 25 iyulda harbiy holat qoidalarini buzgan holda front orqasidagi ishlarga, mardikorlikka olish haqidagi podshoning 1916 yil 25 iyundagi farmoniga qarshi to’pponcha, tayoq, bolta, tosh, qilich bilan qurollanib, Jizzax shahar mahkamasi jazo otryadi askarlari bilan qurolli to’qnashuvlarda qatnashadilar. Ular Jizzax uyezdini Rossiyadan ajratib olib, mustaqil musulmon davlatini tuzish, kelgindilarni Vatan tuprog’idan quvib chiqarish uchun harbiy qismlarga, harbiy chinovniklarga, uyezd mahkamasiga, temir yo’l xizmatchilarga hukm qiladilar. Jizzax temir yo’l bekatini egallab olib, temir yo’l izlarini buzdilar, ko’priklarni, temir yo’l kazarmalarini qo’lga kiritdilar. Jizzax shahridagi neft mahsulotlari saqlanadigan joy o’t qo’ydilar”.

Arxivda saqlanaverib, sarg’ayib ketgan bu hujjatlarni o’qib, jazo otryadi, harbiy dala sudi, tergovchilarning qatag’onliklari oqibatida qamoqxonalarda jon bergan mahbuslarning nolasi ko’z oldingizda namoyon bo’ladi, qalbingizga titroq kiradi. Samarqand viloyat harbiy gubernatori general Yerofeyevning Jizzax shahar pristaviga yuborgan 1916 yil 26 iyuldagi shoshilinchnomasida qo’zg’olon ishtirokchilari ro’yxatini va hujjatlarini darhol yuborish so’raladi. Bu ro’yxatda ko’rsatilgan isyonkorlarning ko’pchiligi harbiy dala sudining hukmi bilan osilgan, Sibirga surgun qilingan. Ko’plari Vatanga qaytib kelmay, jasadlari uzoq shimol muzliklari ostida qolib ketgan.

Turkiston harbiy okrugi qo’shinlari qo’mondoni, general-mayyor A.Kuropatkinning 1816 yil 9 sentabrdagi buyrug’ida bayon qilinishicha, harbiy dala sudining hukmi bilan Jizzax uyezdi fuqarolaridan Ismat To’raboyev, Ismoil bobo Ro’zimuhammedov, Komil qori Bobojonov, Muxtarxon Eshonqulov, Umir Rizamatov, Xolmat Avazov, Abdukarim Muhammadrahimov, Asadullo Abdullayev, Mulla hakim G’oziboyev, Mamarasul Mamarajabov, Nosirmahsum Yo’ldoshev, Muhammadrasul Mirzaboyev, Sultonmurod Muxtorxonov, Muhammadkarim Ortiqboyev, Fayziqul Rajabboyevlar osib o’ldirilganlar.

Shuningdek, buyruqda xalq ozodlik kurashida faol qatnashgan 65 nafar hamyurtlarimiz ham harbiy dala sudining hukmi bilan osib o’ldirishga qaror qilinadi.

Turkiston general-gubernatori imperatorga bergan mutlaqo maxfiy axborotida qo’zg’olon paytida 97 rus askari o’ldirilib, 86 askar yarador bo’lgani va 76 askar bedarak ketgani, 7 rus amaldori halok bo’lgani, rus aholisidan 2326 kishi o’ldirilib, 1384 kishi bedarak yo’qolganini xabar qiladi. Ammo general-gubernator Turkistonda ko’rgan o’z talafotlarini aniq yozgani holda, vahshiyona o’ldirilgan minglab mahalliy aholi hisobini bermaydi. Asli “Mardikorlar qo’zg’oloni” deb atalmish 1916 yildagi Turkiston milliy-ozodlik qo’zg’olonida qurbonlar nihoyatda katta bo’lgan, yuz minglab kishilar halok bo’lgan edi. Jazo otryadi tomonidan Turkiston aholisidan 673 ming kishi o’ldirilgan, 300 mingdan ortiq kishi xorijga chiqib ketgan, 1 million kishining mol-mulki talon-taroj qilingan, aholidan otlarning 50 foizi, sigirlarning 29, tuyalarning 55, qo’y va echkilarning 50 foizi nobud bo’lgan va musodara qilingan.

Turkistonda, jumladan, Jizzax uyezdida qo’zg’olonni jazo otryadi tomonidan vahshiyona bostirilishi chog’ida yuz berayotgan adolatsizliklar beboshliklarni tugatish, bu voqealarga jamoatchilikning e’tiborini jalb etish maqsadida o’sha davning o’qimishli va xalq orasida e’tiborga ega bo’lgan kishilar – Rossiya davlat Dumasiga borib, xalq nomidan murojaat etadilar. Ular Turkiston aholisini mardikorlikka safarbarlikdan ozod etishni, o’lkadagi ayanchli ahvol va musulmonlar hayoti bilan tanishish uchun vakil yuborishni so’raydilar.

Turkiston o’lkasi vakillarining Petrogradga davlat Dumasiga qilgan tashriflaridan so’ng 1916 yil 18 avgustda Duma a’zolari Qutlug’muhammad Botigareyev-Tevkelev va Aleksandr Fedorovich Kerenskiylar Turkistonga tashrif buyuradilar. Ular ahvol bilan tanishish maqsadida 1916 yil voqealari eng keskin tus olgan Jizzax shahrida ham bo’ladilar. Duma a’zolari 10 kun mobaynida Samarqand, Andijon, Qo’qon, Jizzax va Toshkentda bo’lib aholi bilan suhbatlashadilar. Suhbat qo’zg’olon sabablari, Oliy Farmonni amalga oshirish, g’alayonlarni bostirish jarayonida podsho ma’muriyati va quyi mahalliy ma’murlarning yurgizgan siyosati haqida borganligi Duma kengashida so’zlangan nutqlardan ma’lum. Aholi iltimosiga ko’ra 1916 yil voqealari Turkistonda bo’lib qaytgan A.F.Kerenskiyning nutqi tinglanib, o’lkada yuz bergan voqealarning sabab va oqibatlari, musulmonlarning ijtimoiy ahvoli muhokama qilinadi. A.F.Kerenskiy boshliq 31 nafar davlat Dumasi a’zolari tomonidan, Ministrlar Kengashi raisi, Harbiy, Ichki ishlar va Adliya vazirligiga yozilgan murojaatnomada 1916 yilning iyul oyida Turkistonda bo’lib o’tgan dahshatli voqealarni tasvirlab “Ko’p ming tuzemetslar”, jinsi, yoshi farqlanmay jazo ekspeditsiyalari tomonidan yo’q qilib yuborilganligi, minglab aholi o’ldirilganligi, Samarqand viloyati, Jizzax uyezdida, Jizzax shahrida, Bog’don, Sangzor volostlarida jazo otryadi aholining butun mol-mulki tortib olingani kabi dahshatli voqealar ochiq-oydin yoritilib beriladi.

Duma majlisida Dumaning musulmonlar fraksiyasi raisi Qutlug’muhammad Botirgareyev-Tevkelev bilan Turkiston qo’zg’oloni sabablarini o’rgangan A.F.Kerenskiy boshqa urush o’choqlari qatori Turkistonda ham yangi front yuzaga kelganidan shikoyat qiladi.

Duma Kengashining yozma (stenografik) usuldagi hisobotida qayd etilishicha, Kengash ishtirokchilari so’zga chiqqan deputatlar qayd etgan ma’lumotlardan larzaga kelganlar, qo’zg’olonni bostirish chog’ida hukumat va ma’muriyat yo’l qo’ygan vahshiyliklarni keskin qoralaganlar.

Keksalarning aytishlaricha, qo’zg’olonchilar osib o’ldirilgandan keyin harbiy mahkama maxsus ekspertizadan o’tkazish uchun murdalar Samarqand shahriga olib keilgani haqida taxminlar bor.

Hamyurtlarimiz dafn etilgan joyni aniqlash uchun juda ko’p kishilar bilan muloqotda bo’ldik. 1996 yil iyun oyida “Jizzax ovozi” gazetasiga ushbu qonli voqea haqida maqola yozganimizni eshitgan, Jizzax davlat pedagogika institutining o’quv ishlari bo’yicha rektor o’rinbosari, fizika-matematika fanlari nomzo, dotsent Bahrom Mamajonov o’zining qo’zg’olonda qatnashgani uchun osib o’ldirilgan Komil qori Bobojon o’g’lining nabirasi ekanligini aytib, Samarqand shahrida qo’zg’olonchilar dafn qilingan joy haqida gapirib berdi.

-Xohlasangiz, Samarqand tibbiyot nstitutida kafedra mudiri bo’lib ishlayotgan akam, tibbiyot fanlari doktori, professor To’lqin Mamajonovning uy manzilini beraman. U kishi o’sha vatanparvar kishilar dafn qilingan joyni ko’rsatadi, – deb qoldi.

Bu xushxabardan mamnun bo’lib, ertasigayoq qo’zg’olonda qatnashgani uchun harbiy dala sudining hukmi bilan osib o’ldirilgan Ismoil Ro’zimuhamedovning nabirasi Narziqul Ergashev bilan Samarqandga yo’l oldik. Professor To’lqin Mamajonov bizni “Musofir mozor” nomi bilan ataib kelinayotgan qadamjoga boshlab bordi. Bu qadamjo mustaqillikka erishilgandan keyin “Bog’ishamol” mahalla qo’mitasi va choy qadoqlash fabrikasi rahbariyati rahnamoligida qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilibdi. Payg’ambar avlodidan bo’lgan Saidmuso ibn Said Murtoza qabristoni ham ta’mirlanib, masjid qurilib, ziyoratgohga aylantirilibdi. Ziyoratgoh imom xatiblari Hasan aka Xoliqov bilan Mirzo Abulqosimovlar bizga quyidagilarni hikoya qilib berdilar:

-Mana bu dahmalar 1916 yili Jizzax qo’zg’olonida qatnashgan 9 nafar mard inson ko’milgan joy hisoblanadi. Bizlarga marhum oamiz Mirza Habibov hikoya qilishlaricha, 1916 yili kuz oylarida yarim tunda boshlariga xalta kiygizilgan bir necha kishining murdalari keltirilib, mirshablar ularning tongga qadar ko’milishi lozimligi, bu ish aholidan sir saqlanishi kerakligi to’g’risida ko’rsatma berishadi..

Haqiqatan ham murdalar o’z kiyimlari va oq matodan tikilgan bosh kiyimida bo’lgan. Keksalar savob uchun bo’yra ustida yuvib, kafanlab, so’ngra musulmon udumiga ko’ra tilovat qilib ko’mishgan. Mirshablar keksalarga bu ishni sir saqlashni uqtirishib, aga bu sir fosh bo’lsa jazolanishlari haqida tilxat olishgan.

Bu qahramonlar ko’milgan joy 1980 yillargacha sir saqlanib, hatto ziyoratgoh imomlarining Jizzax shahar partiya qo’mitasidan qo’zg’olonchilarning ism-shariflarini aniqlashga yordam berish haqidagi iltimoslari ham oqibatsiz qoldiriladi.

Yurtimiz istiqlolga erishgandan keyin unutilib ketgan tariximiz, mustaqillik uchun jon fido qilgan vatandoshlarimizning pok nomlari qayta tiklanmoqda. Biz ham Mirzo Abulqosimov hikoyasida keltirgan 9 kishining ismi sharifini aniqlashga harakat qildik. Shu asnoda hamkasbimiz, Samarqand davlat universiteti kafedra mudiri, tarix fanlari doktori, professor Sh.Pirimqulov o’z arxivida saqlanayotgan Jizzax qo’zg’oloni ishtirokchisi, o’sha davrda harbiy dala sudining hukmi bilan osib o’ldirilgan Bobobek Abdujabborovning Samarqand turmaxonasida 1917 yil 1 fevralda tushirilgan suratini bizga taqdim qildi. Bizningcha o’sha yili mazkur turmaxonada yotgan qo’zg’olonchilar biz izlagan 9 kishi – Komil qori Bobojon o’g’li, Ismoil bobo, Ro’zimuhammad o’g’li, Nuriddin hoji Ma’rufxo’ja o’g’li, Muhammad Rahim, Abdurahmon jevachi, Ziyo qori Abdullo o’g’li va boshqalarning murdalari bo’lishi mumkin, degan xulosaga keldik. Jizzax qo’zg’olonida ishtirok etib halok bo’lgan va murdalari o’z tug’ilgan yeriga sig’may, Samarqandga keltirilib dafn etilgan mana shu qadamjoga ular uchun yodgorlik toshi o’rnatilsa maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Shuni afsus bilan aytish o’rinliki, 1916 yilgi Jizzax voqealari to’g’risida Rossiya imperiyasi tasarrufida Turkiston general-gubernatorligi ma’murlari va jazo otryadi qo’mondonlarining axborotlarida qo’zg’olonga noxolisona yondashib, bu kurashni ruslarga qarshi “g’azovot”, “fanatiklar harakati” deb noto’g’ri baho berishgan. Qariyb 70 yil mobaynida Davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlar “maxfiy” deb atalib, tadqiqotchilardan sir saqlab kelindi.

O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilingandan keyin tarix haqiqatini ro’yobga chiqarish, tarixiy voqealar va hodisalar qanday kechgan bo’lsa, shundayligicha bayon etish imkoniyati tug’ildi.

1917 yil fevral burjua-demokratik inqilobi arafasida Jizzaxda ham murakkab bir ijtimoiy-siyosiy vaziyat yuzaga kelgan edi. Jizzaxda yashayotgan xalq ommasi og’ir ijtimoiy va milliy mustamlakachilik zulmini o’z bo’yinlaridan uloqtirib tashlasha harakatiga otlangan edilar. 1916 yili Jizzax shahrida ko’tarilgan milliy-ozodlik qo’zg’oloni mintaqah katta siyosiy voqealar arafasida turganligini ko’rsatdi. Biroq, xalq ommasining erk uchun, ozodlik va milliy istiqlol uchun olib borayotgan kurashiga boshchilik qilishni eplay oladigan siyosiy kuch – tashkilot hali yo’qligi milliy ozodlik harakatining yengilishiga olib keldi.

1917 yil fevralda Petrogradda ko’tarilgan ishchi va askarlar qo’zg’oloni natijasida podsho hokimiyati ag’darildi, podsho va uning ministrlari, harbiy ma’murlari qamoqqa olindi.

Podsho hokimiyatining ag’darilgani, Muvaqqat hukumatning tuzilganligi haqidagi xabar butun Turkistonga, jumldan, Jizzaxga ham yetib keldi. Turkiston general-gubernatori Kuropatkin va uning yordamchilari qamoqqa olindi. Shaharlarda, jumladan, Jizzaxda ishchi, dehqon va askarlar Kengashi va Muvaqqat hukumatning ijroiya qo’mitalari tuzildi. Shuningdek, Toshkent shahrida musulmon aholi manfaatini ifoda etuvchi “Sho’roi Islom” markaziy tashkiloti, shaharlarda, jumladan, Jizzaxda “Sho’roi Islom”ning bo’limlari tashkil topdi, ularga jadidlar rahnamolik qildilar.

1917 yil fevral inqilobidan keyin O’rta Osiyoda bo’lgani kabi Jizzaxda ham jadidlarning o’z maqsad va istaklarini amalga oshirish uchun sharoit yaratildi va bu harakat o’zining yangi bosqichiga qadam qo’ydi. Jizzax xalqining sobitqadam rahnamolaridan bo’lgan Komil qori Bobojon o’g’li va boshqa jadidlar, ruhoniyat arboblari o’z sa’y-harakatlarida faqat mahalliy, hududiy manfaatlar, qiziqishlar bilan cheklanib qolmay, shu bilan birga boshqa mintaqalardagi musulmonlar ommasi, ularnin ilg’or vakillari bo’lgan Toshkent sho’basining rahbari Munavvar qori, Samarqand sho’basining rahbari Mahmudxo’ja Behbudiy, Farg’ona sho’basini boshqargan Nosirxon To’ra, Kamolxon To’ralar bilan aloqa bog’lab ish olib bordilar. Jizzaxlik jadidlar mamlakat boshqaruvida musulmon aholisi vakillarining qatnashishini ta’minlash, aholini ozodlik va mustaqillik sari harakatlantirish yo’lini muvofiqlashtirish borasida ham bir qator ishlarni amalga oshirishga bosh-qosh bo’ldilar.

Rossiyada 1917 yil fevral burjua-demokratik inqilobi g’alabasidan so’ng Jizzax shahrida ham inqilobiy harakat kuchaydi. Chunki Jizzax shahridagi rus ishchilari va harbiylari orasida ham Rossiya hukumati siyosatidan norozi bo’lganliklari uchun jazo sifatida Turkistonga yuborilgan ishchilar, askarlar, zobitlar, savdogarlar va boshqa toifadagi kishilar anchagina edi. Rossiyada amalga oshirilgan inqilobdan so’ng harbiy qismlarda, shahardagi sanoat korxonalarida, muassasalarda 1917 yil fevral voqealari munosabati bilan mitinglar bo’lib, ishchilar, hunarmandlar inqilob g’alabasini qo’llab-quvvatladilar.

1917 yilning 20-21 mart kunlari Jizzax shahri garnizoni askar va zobitlari deputatlarining qo’shma yig’ilishia shahardagi Muvaqqat hukumatning ijroiya qo’mitasiga nisbatan norozilik bildirilib, hokimiyatni ishchi-dehqon va askar deputatlariga topshirish talab qilindi. Shahar aprel oyining oxirlariga kelib bolsheviklarning tazyiqi bilan hokimiyat ishchi dehqon va askar deputatlari Kengashi ixtiyoriga o’tdi. Bu davrda shaharda Muvaqqat hukumat ijroiya qo’mitasi tuzilgan bo’lsa-da, amalga u hech qanday qudratga ega emas edi. Jizzax shahar ishchi-dehqon va askar deputatlari Kengashi faollari 1917 yil fevral inqilobi g’alabasini qo’llab-quvvatlab, aholi o’rtasida ko’plab tagr’ibot-tashviqot ishlarini olib bordilar. Barcha jamoat tashkilotlari orasida ishchi-dehqon va askar deputatlari Kengashi katta obro’-e’tiborga ega bo’lib, aholi barcha masalalarni hal qilish uchun ularga murojaat qilar edi.

Chunki Jizzax shahrida fevral inqilobi tufayli tuzilgan Muvaqqat hukumat ijroiya qo’mitasi amaldorlarining asosiy qismi xalqni ilhari ekpluatatsiya qilgan 1916 yilda Jizzaxda mardikor olishga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonga qatnashgan kishilardan ayovsiz  o’ch ol;gan podsho ma’muriyati va mahalliy amaldorlar tashkil etar edi. Bular orasida Turkiston general-gubernatorligi tomonidan tayinlangan Jizzax uyezd hokimi, polkovnik V.N.Ryabushkin, uning muovini podpolkovniklar S.Afanasyev, N.Fon ijroiya qo’mitasida yuqori lavozimlarida ishlamoqda edilar.

Bundan norozi bo’lgan Jizzax aholisi 1917 yil aprel oyida bu shaxslarni darhol o’z lavozimlaridan olib tashlash haqida Muvaqqat hukumatning Toshkent shahridagi qo’mitasiga norozilik xatlarini yo’lladilar. Bu davrda Jizzax shahri va uning atrof qishloqlarida istiqomat qilayotgan kishilar o’rtasida ham norozilik va tanglik tobora kuchayib bormoqda edi. Chunki aholiga solinayotgan soliqlarning ko’paytirilishi ham ijtimoiy tanglik va iqtisodiy inqiroz jaraonlarining zo’rayishiga olib kelmoqda edi. Muvaqqat hukumatning idoralari tobora obro’sizlanishi sababli bolsheviklar Jizzaxda ham hokimiyatni har qanday yo’l bilan bo’lsa-da, qo’lga olishlari uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Jizzaxda hokimiyatning ishchi-dehqon va askar deputatlar Kengashi qo’liga o’tishi munosabati bilan harbiy qismlarning askar va zobitlari ham barcha harbiy qo’shinlarda bo’lgani kabi o’z qo’mondonlariga bo’ysunmay qo’ydi. Jizzax garnizonidagi ko’plab askar va zobitlar o’z yurtiga va oilasiga jo’nab ketishdi. Ular bilan birga shaharda istiqomat qilayotgan rus millatiga mansub kishilarning ham ommaviy ko’chib ketishi yuz berdi. Ishchi-dehqon va askar deputatlari Jizzax shahar Kengashi 1917 yil 30 iyulda Jizzax temir yo’l ishchilari va xizmatchilaridan iborat o’z bo’limini tuzdilar, boshqa joylarda ham hokimiyatni qo’lga olishga harakat qildilar.