Vladivostok

Vladivostok — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Primore o’lkasining markazi (1888 yildan). Sibir temir yo’l magistralining oxirgi punkti. Tinch okean sohilidagi yirik port. Yirik aeroport bor. Zolotoy Rog buxtasi atrofida va Amur qo’ltig’ining Sharqiy sohili bo’ylab amfiteatr shaklida joylashgan. Aholisi 648 ming kishidan ziyod (1999). Vladivostok 1860 yilda bunyod etilgan. 1862 yildan port, 1880 yildan shahar. Vladivostokda kema tuzatish korxonalari bor, baliq konserva zavodlari uchun texnologik liniyalar, kon-shaxta asbob-uskunalari, konveyerlar, nasoslar, metall konstruktsiyalar ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat sanoati korxonalaridan baliq, go’sht kombinatlari, sut zavodlari, konditer fabrikasi, qurilish materiallari sanoati korxonalaridan temir-beton konstruktsiyalari va yirik panelli uysozlik zavodlari mavjud. Uzoq Sharqda kit, krab, yovvoyi hayvonlarni ovlash va refrijerator floti bazasi. Vladivostokda 8 oliy o’quv yurti, 13 maxsus o’rta o’quv yurti, Rossiya faning uzoq Sharq bo’limi, 3 teatr, filarmoniya, 3 muzey va suratlar galereyasi bor. Me’moriy yodgorliklardan dengiz vokzali (1965), mehmonxona (1965), Madaniyat uyi (1967), keng formatli kinoteatr (1969) mavjud.