Vasiylik

Vasiylik — muomalaga layoqatsiz fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish. Voyaga yetmaganlarga Vasiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanadi. Vasiylar o’z himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladi. Voyaga yetmaganlarga Vasiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari bo’lmagan, ota-onasi sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek boshqa sabablarga ko’ra bunday farzandlar otaona himoyasidan mahrum bo’lib qolgan, xususan, ularni ota-ona tarbiyalashdan yoxud huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo’yin tovlagan hollarda belgilanadi. 14 yoshga to’lmagan fuqarolar, ruhiy kasal va aqli zaiflar nomidan vasiy harakat qiladi (O’zR FK, 32-modda).