Vladimir viloyati

Vladimir viloyati — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1944 yil 14 avgustda tuzilgan. Maydoni 29,0 ming km2. Aholisi 1660 ming kishi (1995), 80% shaharlik. Viloyat tarkibida 21 shahar, 36 shaharcha bor. Markazi — Vladimir shahri. Vladimir viloyati Sharqiy Yevropa tekisligida joylashgan. Yer usti bir oz past-baland tekislik (eng baland joyi 236 metr). Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 1G, iyulniki 17°. Yiliga 480-580 mm yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 160-180 kun. Asosiy daryolari: oka va Klyazma. Tuproqlari asosan, turli xil mexanik tarkibdagi chimli podzol tuproqlar. Meshchera pasttekisligida botqoq tuproqlar, oka va Klyazma vodiylarida chimli allyuvial tuproqlar. Energetikasi chetdan keltirilgan yoqilg’i asosida ishlaydi, torf qazib chiqariladi. Issiqlik elektr stansiyasi bor. Asosiy sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va metallsozlik. Traktor, elektr motorlari, avtopribor (Vladimir), ekskavator, motosikl (Kovrov), teplovoz, muzlatgich (Murom), radioapparatura va televizorlar (Aleksandrov), kabel (Kolchugino) va boshqalar ishlab chiqariladi. Yengil sanoat (asosan zig’ir tolasidan gazlama ishlab chiqarish va trikotaj buyumlar) korxonalari ham bor. Oyna-shisha, jumladan texnik oyna, billur idishlar (Gus-Xrustalniy va boshqalar) ishlab chikariladi. Yog’ochsozlik sanoati rivojlangan. Badiiy buyumlar sanoati — kashtachilik, zargarlik korxonalari, miniatyuralari (Mstyora) bilan ham mashhur. Qishloq xo’jalikda asosan kartoshka, zig’ir ekiladi. Shaharlar atrofida — sabzavotchilik, Opoleda bog’dorchilik rivojlangan. Chorvachiligi sut-go’sht yetishtirishga ixtisoslashgan. Qoramol, cho’chqa, qo’y va echki boqiladi. Temir yo’l zich joylashgan. Avtomobil yo’llari rivojlangan. Oka va Klyazma daryolarida kema qatnaydi. 1992 yilda 11 o’rta maxsus o’quv yurti, 2 oliy o’quv yurti, 2 teatr, muzey faoliyat ko’rsatadi.