Volgograd viloyati

Volgograd viloyati – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1936 yil 5 dekabrda tashkil etilgan. Maydoni 113,9 ming km2. Aholisi 2645 ming kishi (1999), shaharliklar 76%. Volgograd viloyatida 19 shahar, 32 shaharcha bor (1991). Markazi — Volgograd shahri. Volgograd viloyati Quyi Volga bo’yida dasht va chala cho’l zonasida. Volga daryosi vodiysi viloyat hududini 2 qismga: g’arbiy — o’ng sohil va Sharqiy (Zavolje) qismlarga ajratadi. Volgograd viloyatida neft, tabiiy gaz, osh tuzi va magniy tuzi (Elton ko’lida), fosforit konlari topilgan. Mineral buloqlar mavjud. Volgograd viloyatining iqlimi kontinental, quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 8 dan — 12″ gacha, iyulniki 23°. Yiliga 350 mm yog’in yog’adi. Asosiy daryolari: Volga va don. Yirik ko’llari: Elton, Gorkosolyonos; Tsimlyansk va Volgograd suv omborlari bor. Volgograd viloyati energetika asosini Volga GES, Volgograd GRESlari va boshqa issiqlik elektr markazlari tashkil qiladi. Metallurgiya (po’lat sim-kanat, quvur, alyuminiy zavodlari), mashinasozlik (traktorsozlik, minora kranlari, podshipniklar, elektrotexnika, neft, oziq-ovqat sanoatlari uchun jihozlar) sanoatlari rivojlangan. Viloyatda kimyo va neft kimyosi (sintetik tola, sintetik kauchuk, shina, texnik rezina, azot-kislorod zavodlari) sanoatlari katta o’rin egallaydi. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Yengil (asosan to’qimachilik), yog’ochsozlik va oziq-ovqat (go’sht, sut, un-yorma, yog’-moy, konserva) sanoati tarmoqlari rivojlanmoqda. Asosiy sanoat markazlari — Volgograd, Voljskiy, Kamishii, Uryupinsk, Mixaylovka. Volgograd viloyatida g’alla ekinlaridan bug’doy, tariq, texnika ekinlaridan xantal (gorchitsa) ekiladi, polizchilik (tarvuz), sabzavotchilik rivojlangan. Chorvachilikda ko’proqqoramol, qo’y va cho’chqa boqiladi. Bog’dorchilik rivojlangan. Transportida temir yo’l, suv yo’li va avtomobil yo’llari katta o’rin tutadi. Volgograd viloyatida 8 oliy o’quv yurti, 4 teatr, 5 muzey bor (1999).