Virgatsiya, burmalar virgatsiyasi

Virgatsiya, burmalar virgatsiyasi (lotincha virga — tarmoqlanish) (geologiya) — tog’ jinslari burmalarining elpig’ichsimon tarmoqlanishi. Virgatsiya, odatda, burmalangan zonaning cho’kishidan va burmalanishning tugallanishidan paydo bo’ladi. Virgatsiyani fanga E. Zyuss (1885) kiritgan. Virgatsiya, odatda, burmalangan tog’tizmalarining tugayotgan joylarida yaqqol ko’rinadi. Virgatsiyaga Shimoliy Tyanshanning g’arbiy chekkasidagi Chuili, Karatov va Chatqol tizmalarining elpig’ichsimon burmalari, Hisor-Olay tog’sistemasining g’arbidagi Nurota tog’lari, Tojikiston depressiyasi va Darvoz burmalarining elpig’ichsimon tarmoqlanishi misol bo’ladi.