Vir kishmishi
Vir kishmishi – ertapishar xo’raki, mayizbop uzum navi. Hozirgi O’zbekiston o’simlikshunoslik institutida Babari va qora kishmish navlarini o’zaro chatishtirib chiqarilgan. Tupi kuchli o’sadi. Guli ikki jinsli. Bargi katta (bo’yi va eni 20-22 santimetr), to’garak, besh bo’lakchali, o’rtacha kertikli, to’q yashil, tuksiz, cheti arra tishli. Uzum boshi o’rtacha tsilindr-konussimon, bandi kalta, o’rtacha tig’iz, og’irligi 350-360 gramm. G’ujumi o’rtacha, tuxumsimon shaklda, yashilsimon sariq, etdor, sershira, urug’i yo’q, po’sti yupqa. Avgust o’rtalarida pishadi. Tarkibidagi qand 23-25%. Hosildorligi 200-250 ts/ ga. O’zbekistonning barcha viloyatlarida o’stiriladi.