Vilnyus

Vilnyus (avvalgi nomlari vilno, Vilna) — shahar, Litva Respublikasi poytaxti, yirik sanoat va madaniyat markazi. Nyaris (Viliya) va Vilnya (vilnyale) daryolari tutashgan yerda. Shahar Vilnya daryosi nomi bilan atalgan (Litvacha vilnya, vilnis — «to’lqin» demak). Yanvarning o’rtacha temperaturasi -5,3°, iyulniki 17,9°. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Aholisi 591,2 ming kishi (1999). Vilnyus birinchi marta 12-asr yilnomasida tilga olingan. 1323 yil Litva knyazi Gediminas mamlakat poytaxtini Litvaning qadimgi poytaxti Trakaydan Vilnyusga ko’chirgan. Litvani Rossiya imperiyasi bosib olgach (1795), Vilnyus gubernyaning ma’muriy markazi bo’ldi. 1918 yilda Vilnyusda hokimiyatni bolsheviklar egallab oldi. 1920-39 yillarda Vilnyus panlar Polshasi tarkibida bo’ldi, 1940 yildan Litva poytaxti. 2-jaon urushida katta zarar ko’rgan Vilnyus qisqa muddat ichida qayta tiklandi va Boltiqbo’yi iqtisodiy rayonining eng yirik iqtisodiy, madaniy markazlaridan biri bo’lib qoldi. Respublika yalpi sanoat mahsulotining aksariyat qismi Vilnyusda ishlab chiqariladi. Mashinasozlik (stanoksozlik, asbobsozlik, issiklik apparaturalari, elektr dvigatellari, elektr payvandlash va savdo-sotiq asboblari, radio o’lchov priborlari, qishloq xo’jalik mashinalari va boshqalar) va metallsozlik yetakchi o’rinda turadi. Kimyo, yengil (tikuvchilik va paypoq-trikotaj fabrikalari, poyabzal, attorlik korxonalari), oziq-ovqat (go’sht kombinati, konditer, tamaki fabrikalari, yog’, pivo zavodlari) sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari va mebel ishlab chiqariladi. Vilnyusdan 10 kilometr narida joylashgan yangi Vilnyada yirik sanoat rayoni vujudga kelgan. Vilnyus— muhim madaniy markaz. Vilnyusda respublika Fanlar akademiyasi (1940 yildan), ilmiy tadqiqot institutlari, 5 oliy o’quv yurti (shu jumladan Vilnyus universiteti, konservatoriya), 150 ga yaqin ommaviy kutubxona, 12 muzey (shu jumladan suratlar galereyasi, xalq san’ati, tarix-etnografiya muzeylari), 5 teatr (Litva opera va balet teatri va boshqalar) va boshqa muassasalar ishlab turibdi. Vilnyusda me’moriy yodgorliklardan baland qasr (14-15-asrlar) qoldiqlari, Mikaloyalus gotika cherkovi (14-asr), Bernardinchilar cherkovi va ibodatxonasi (16-asr), Onoe cherkovi (16-asr) va Mikolo cherkovi (16— 17-asrlar), universitet binolari majmui (16-asr 2-yarmi — 19-asr 1-yarmi), Kazimero (1604-18), Tereses (1634-50), Pyatro ir Povilo (1668— 75), Kotrinos (17-asr oxiri —18-asr o’rtasi) barokko cherkovlari, me’mor L. Stuoki-Gusyavichyusning klassik stilidagi binolari (kafedral sobor, 1777-1801; ratusha 1786-99) saqlangan. 1940-yillardan so’ng yangi turar joy rayonlari (Lazdinay, 1967 yildan; jirmunay, 1968 yildan) va jamoat binolari («Nyaringa» mehmonxonasi, 1960; Sport saroyi, 1971; Opera va balet teatri, 1973) vujudga keldi.