Shumanay tumani

Shumanay tumani – Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1950 yil 6 oktyabrda tashkil etilgan. 1960 yil 5 Fevralda Qo’ng’irot va Xo’jayli tumanlariga qo’shib yuborilgan edi. 1976 yil 9 yanvarda qayta tashkil etildi. Sharqdan Xo’jayli, Qanliko’l, shimol va g’arbdan Qo’ng’irot tumanlari, Janubdan Turkmaniston bilan chegaralangan. Maydoni 0,64 ming km2. Aholisi 41,4 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Shumanay), 6 ovul fuqarolari yig’ini (Birleshiq, Dehqonobod, Ketenlar, Mamiy, Oqjap, Sarmonboyko’l) bor. Tuman markazi — Shumanay shahri. Tabiati. Relefi, asosan, pasttekislikdan iborat, dehqonchilik uchun qulay yerlar. Hududi g’arbdan Ustyurt platosiga tutash. Iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 11°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6,9°, eng past temperatura -32°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27,1°, eng yuqori temperatura 40°. Yiliga 95 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 195 kun. Tuproqlari bo’z, taqirli cho’l va sho’rlangan cho’l o’tloqi tuproqlardan iborat. Yovvoyi o’simliklardan yantoq, saksovul, oqbosh, yulg’un, qamg’oq, pechak, qorabaroq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, qobon, quyon, qirg’ovul, bo’rsiq, turli xil ilonlar, kaltakesaklar va boshqalar bor. Aholisi qoraqalpoq va o’zbeklar, shuningdek, qozoq, turkman, rus, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1km2 ga 64,7 kishi. Qishloq aholisi 29 ming kishi, shahar aholisi 12,4 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda «Shumanay momig’i» aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli paxta tozalash zavodi, g’isht zavodi, xo’jaliklararo ko’chma mexanizatsiyalashgan kolonna, qurilishta’mirlash bo’linmasi, qishloq qurilishta’mirlash korxonasi bor. Avtokorxona, MTP, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. 200 dan ziyod tadbirkor faoliyat ko’rsatadi. Shumanay tumani, asosan, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 6 shirkat xo’jaligi, 200 dan ortiq fermer xo’jaligi bor. 4 ta xususiy chorvachilik fermasi mavjud. Paxtachilik — tuman iqtisodiyotida yetakchi tarmoq. 7 ming gektar yerga paxta, 4,5 ming gektar yerga bug’doy, shuningdek, sabzavot, poliz, emxashak va boshqalar ekinlar ekiladi. Pilla yetishtiriladi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y, parranda boqiladi. 36 umumiy ta’lim maktabi (10 mingdan ziyod o’quvchi), bolalar musiqa va sport maktablari, 2 kasb- hunar kolleji (2 mingga yaqin talaba), Bioekosan markazi, kasb-hunar o’rganish markazi va boshqalar mavjud. Madaniyat saroyi, Markaziy kutubxona va uning 25 ta tarmog’i, 3 qishloq klubi, «Gulpak» xalq raqs dastasi, madaniyat uylari, sport majmuasi, stadion, sport zallari, sport maydonchalari va boshqalar bor. Markaziy tuman kasalxonasi (240 o’rin), 2 qishloq kasalxonasi, 5 qishloq vrachlik punkti, 2 poliklinika, shuningdek, maxsus, rentgen lab.lar va boshqalar tibbiy muassasalarda 1 mingdan ziyod vrach va o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Qadimgi tarixiy yodgorliklardan tuman hududida Jampiqqal’a (tarixda Aybuyir nomi bilan mashhur, miloddan avvalgi 5-4-asrlar), Janaqal’a (19-asr boshlari, mahalliy aholi uni yana ulkan tom, Qo’hna Shumanay deb ham ataydi) bor.