Xirbat al-Mafjar
Xirbat al-Mafjar – Iordaniyadagi me’moriy yodgorlik (8-asr); umaviylar saroyi. Iordan daryosining g’arbida, qadimgi Ierixonnint shimolda joylashgan. Saroy (atrofi burjli mustahkam devor bilan o’ralgan), devordan tashqaridagi masjid, hammom, ichki va tashki hovlilar bilan yagona majmua hosil qilgan. Xirbat al-Mafjar binolari toshohaktoshlardan bunyod etilgan, gumbazlar bilan yopilgan, hovlilar yuzasiga tosh plitalar yotqizilgan. Saroy umaviylar saroyiga xos an’anaviy mujassamotga ega: murabba tarxli hovli galereya va Sharqiy hamda g’arbiy tomoni bo’ylab g’isht gumbazli 2 qavatli binolar bilan o’ralgan. Saroy binosi to’rtburchak tarhli (67×63 metr), tarzlari ravoqlar qatori bilan quyoshdan to’silgan. Saroy miyonsaroyi minora ko’rinishida, tarzlari o’yma turunjlar bilan bezatilgan va yuqorisi davdanalar bilan yakunlangan; miyonsaroy 2 (tashqi murabba va ichki to’rtburchak tarhli) xonadan iborat bo’lib, xonalar o’zaro keng eshik bilan bog’langan, tashqi xona devorlariga burchak ustunlariga o’rnatilgan ravoqlar ishlangan, ichki xona gumbazli; miyonsaroy devori bo’ylab o’rnatilgan o’rindiqlar qabulxona vazifasini o’taganidan darak beradi. Tarzlari piltavor bo’rtiqlar shaklidagi hammom binosi murabba tarhli katta xona (30×30 metr) hamda uning shimoli g’arbidagi kichik xona (4,5×4,5 metr) dan iborat (kichik xona saroy egasining xos xonasi bo’lgan deb taxmin qilinadi). Masjid to’rtburchak tarhli (23,6×17,1 metr), 2 qator marmar ustunli, yonida poydevorga o’rnatilgan minora joylashgan. Tashqi katta hovli o’rtasida hovuz bo’lib, ustiga 4 ustunga o’rnatilgan gumbaz tomli ko’shk ishlangan. Xirbat al-Mafjar binolari tosh va ganch o’ymakorligida handasiy, islimiy naqshlar bilan serhasham bezatilgan, naqshin bezaklar orasida bo’rtma tasvirlar, haykaltaroshlik (ayollar boshlari, Atlant va boshqalar) bezaklari ham uchraydi. Miyonsaroy, hammom va boshqa xonalarning pollari ajoyib (handasiy, to’g’ri va egri chiziqlar, aylana, to’rtburchaklar uyg’unligidagi) mozaika bilan qoplangan.