Xitoy-Koreya platformasi

Xitoy-Koreya platformasi, Sina qalqoni — qadimgi platforma; Xuanxe Daryo havzasining quyi qismi va Koreya yarim oroli, shuningdek, sariq dengiz tubining ko’p qismida joylashgan. Platforma g’arbda ichki Mongoliya bo’ylab davom etib, torayib boradi. Sharqiy qismi Koreya va Sharqiy Xitoyni qamrab olgan, burmalangan kristalli zamini tokembriy (proterozoy va arxey) yoshida. Koreya, Lyaodun yarim orollari va Shansida ko’tarilmalar shaklida yer yuzasiga chiqib qolgan poydevor metamorfik jinslar (gneys, migmatit, kristalli slanes, amfibolitlar) va granitlardan tuzilgan. Anshan seriyasida (kuyi proterozoy) temirli kvarsitlarning yirik konlari mavjud. Platforma poydevori ustida cho’kindi qoplam jinslari bo’lib, cho’kindi majmuasining quyi qismi sina sistemasi yotqiziqlaridan iborat. Toshko’mir, Perm va yura davrlari yotqiziqlarida toshko’mir konlari, paleogen va neogen yotqiziqlarida yonuvchi slaneslar va kumir (Fushun), Perm yotqiziklarida esa boksitlar (Shandun provintsiyasi) mavjud. Boxayvan qo’ltig’i sohilidagi shimoliy Xitoy sineklizasining bo’r va kaynozoy yotqiziklarida neft konlari joylashgan. Ordos sineklizasida ham neft va gaz konlari mavjud. Koreya yarim oroldagi oltin, volfram, polimetall konlari va Lyaodun yarim oroldagi surma va mis konlari paydo bo’lishi mezozoy magmatizmi bilan bog’liq.