Xausa

Xausa — somhom (afrikaosiyo) tillari makrooilasining Chad tillari tarmog’iga mansub va shimoliy Nigeriya, Niger, Chad, Kamerun, Gana, Benin, Togo kabi mamlakatlarda tarqalgan til. G’arbiy Afrikada qabilalararo, urug’lararo til sifatida keng qo’llanadi. So’zlashuvchilarning umumiy soni 31 million (ba’zi manbalarda 40 million) kishidan ortiqroq (o’tgan asrning 90-yillari). Xausaning asosiy lahjalari — Kano, kasina, Sokoto, Zariya, xalajiya, damagaram, gobir va boshqalar — bir-biriga juda yaqin; asosan fe’l tizimi va kishilik olmoshlari sohasidagi ko’plab tafovutlar shimoliy g’arbiy lahjalarda (Niger va Nigeriya) uchraydi. Hozirgi adabiy Xausa Kano lahjasi asosida shakllangan. Xausa o’ziga xos fonetik va morfologik xususiyatlarga ega. So’z o’zgarishi va so’z yasalishi tizimida affikslar (suffiks va prefikslar), shuningdek, ichki Fleksiya alohida rol o’ynaydi. Leksikasi, asosan, tub Chad so’zlaridan iborat; Arab, ingliz, frantsuz va qo’shni tillardan o’zlashgan so’zlar ham anchagina. 18-asrdan Arab alifbosi asosidagi ajamiy yozuvidan, 19-asr oxiridan esa ba’zi diakritik belgilar qo’shilgan lotin alifbosidan foydalanadi. Gazeta, jurnal va kitoblar, asosan, lotin grafikasida, an’anaviy she’riyat va diniy (Islomiy) adabiyot ajamiy yozuvida nashr etiladi. Ajamiyda nashr etilgan adabiyotda garbiy Yevropa tillaridan o’zlashmalar deyarli uchramaydi. Nigeriyaning shimoliy Shtatlarida Xausa ma’muriy sohada, maktab ta’limida (ayniqsa, boshlang’ich maktablarda), radioeshittirishlarda ingliz tili bilan bir darajada qo’llanadi.