Xeyerdal (Heyerdahl) Tur
Xeyerdal (Heyerdahl) Tur [1914.6.10, Larvik 2002.18.4, Kollamikeri qishlog’i (Italiya)] — norveg etnografi va arxeologi, dengiz sayyohi, yozuvchi. Oslo universitetida o’qigan (1933-37). Xeyerdalning 1-sayohati Polineziyadagi Fatu-Xiva oroliga bo’lgan (1937— 38). «Kontiki» solida ekipaj bilan birgalikda Perudan Polineziyaga qadar tinch okeanini kechib o’tgan (1947). Bu sayohat uni butun dunyoga mashhur qilgan. 1969— 70 yillarda «ra» papirus qayig’ida Afrikadan Markaziy Amerikadagi orollargacha borgan. 1977-78 yillarda qamishdan yasalgan «Tigris» qayig’ida Alkurna (Iroq) — Hind daryosining quyilish yeri — Jibuti yo’nalishi bo’yicha suzgan. Pasxa, Galapagos va Kanar orollarida arxeologik qazishma ishlari olib borgan. Buyuk sayyoh vikinglar haqidagi manbalarni tadqiq etish maqsadida 2001 yil Azov bo’yiga arxeologik ekspeditsiya uyushtirgan. Ko’plab ilmiy-ommabop asarlar muallifi. Asarlari: «Kontiki»da sayohat (1949), «Akuaku» (1957), «ra» (1970), «FatuXiva» (1975) va boshqalar.