Xivchinlilar
Xivchinlilar (Mastigophora) sarkomastigoforalar tipiga mansub bir hujayrali hayvonlar sinfi (boshqa sistemaga ko’ra kenja tip). 2 kenja sinf — o’simliksimon Xivchinlilar va hayvonsimon Xivchinlilarga ajratiladi. O’simliksimon Xivchinlilarni botaniklar o’simliklar dunyosiga kiritishadi. Xivchinlilarga 13-turkumga birlashtiriladigan 7000 dan ortiq tur kiradi. Tanasi duksimon, tuxumsimon, tsilindrsimon, sharsimon va boshqa shaklda. Uzunligi 2-3 mkm dan (leyshmaniya) 1 mm gacha (ayrim opalinalar). Xivchinlari 1 tadan bir necha mingtagacha, uzunligi bir necha 10 mkm. Ayrim Xivchinlilar xivchini asosida kinetoplast (kelib chiqishi bilan mitoxondriyalarga yaqin bo’lgan DNK saqlovchi organoid) bo’ladi (Kinetoplastidlar). Ko’pchilik dengiz va barcha parazit Xivchinlilarning qisqaruvchi vakuoli bo’lmaydi. Hujayra yadrosi, odatda, bitta; 2 yadroli (lyambliya) va kup yadroli (opalinalar) Xivchinlilar ham bor. Odatda, bo’yiga 2 ga bo’linish orqali jinssiz ko’payadi. Bu jarayon oxirigacha bormaganida (bo’linadigan individlar ajralib ketmaydi) koloniya hosil bo’ladi. Ko’pchilik Xivchinlilarda jinsiy ko’payish gametalar kopulyatsiyasi orqali boradi. Tuban Xivchinlilarda jinsiy ko’payish izogamiya (bir xil tipdagi jinsiy hujayralarning qo’shilishi), boshqalarda geterogamiya (har xil tipdagi hujayralarning qo’shilishi) dan iborat. Erkin yashovchi Xivchinlilar (5100 ga yaqin) chuchuk suv va dengizlarda, qisman tuproqda uchraydi. Tabiatda moddalar aylanish jarayonida katta ahamiyatga ega (ayniqsa, plankton Xivchinlilar). Ko’pchilik Xivchinlilar suvlar ifloslanishining biologik indikatorlari hisoblanadi. Bir qancha Xivchinlilar odam va hayvonlarda parazitlik qilib, og’ir kasalliklar (tripanosoma, leyshmaniya va boshqalar)ga sabab bo’ladi. Ayrim Xivchinlilar termitlar ichagida simbioz yashab, qiyin hazm bo’ladigan oziq moddalarning hazm bo’lishiga yordam beradi.