Xett podsholigi
Xett podsholigi — Kichik Osiyodagi qadimgi davlat (miloddan avvalgi 18-12-asr boshlari). Tarkibiga xettlar, xattlar va boshqa etnik guruhlar kirgan. Xettlar podshosi Anittas davri (taxminan 18-asr)da Anatoliyaning ba’zi viloyatlari birlasha boshlagan. U nesa, Xattusas shaharlarini bosib olgan. Kussar shahrini poytaxt qilgan. Qadimgi Xett sulolasining asoschisi — Labarna (17-asr boshlari) Xett podsholigi hududini kengaytirgan. Labarnaning vorisi Xattusilis I davri (17-asr o’rtalari)da kichik Osiyoning shimoldagi Tsalpa shahri va kichik Osiyoning bir qancha Janubiy Sharqiy viloyatlari batamom bosib olingan. U poytaxtni Xattusasga ko’chirgan. Xattusilis I ning o’g’li Mursilis I (17-asr oxiri) davrida Xett podsholigining harbiy qudrati nihoyatda oshgan. 14-12-asrlarda Xett podsholari shimoliy Suriya va shimoliy Mesopotamiyada yashaydigan xurriy qabilalardan bo’lgan. Podsho Suppiluliumas I (14-asr boshlari) uzoq davom etgan urushlardan keyin Mitanni (shimoliy Mesopotamiyadagi qadimgi davlat)ni bosib olgan. Ugarit (Shimoliy Finikiyadagi qadimgi shahardavlat) ni o’z vassaliga aylantirgan. Mursilis II hukmronligi (14-asr oxiri)dan boshlab Xett podsholigi bilan Misr o’rtasida Suriya uchun kurash ketgan. 13-asr oxiri — 12-asr boshlarida Xett podsholigi o’zaro urushlar, qaram viloyatlar va ittifoqdosh podsholiklarning ajralib ketishi tufayli inqirozga uchragan. Qadimgi Xett podsholigining oxirgi yirik podshosi Telepinu (16-asr oxiri) bo’lgan. Kichik Osiyoning sharqiga Janubiy va g’arbdan xalqlarning ko’chib kelishi bilan podsholik barxam topgan.