Radiatsion himoya

Radiatsion himoya, radiatsion xavfsizlik — radioaktiv moddalar va boshqa ionlovchi nurlanish manbalari bilan ishlaganda xavfsizlikni ta’minlovchi tadbirlar majmui. Radiobiologiya, yadro fizikasi, kosmik biologiya, kosmik tibbiyot va boshqa fanlar yutuqlariga asoslanadi. Radiatsion himoyaning asosiy maqsadi — biosferaning radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga yo’l qo’ymaslik, odam va hayvonlar organizmini (masalan, Kosmos sharoitida) zararli nurlanishlardan asrash va hokazolar. Zararli nurlanishlarning organizmga biologik ta’siri haqidagi ma’lumotlar Radiatsion himoya yoki radiasion xavfsizlik me’yorlarini ishlab chiqish uchun asos bo’ladi. Radioaktiv moddalar bilan ishlaganda yoki ulardan foydalanishda xavfsiz sharoitlarni ta’minlash, avvalo, xodimlarni xavfli nurlanishlar manbai (yadro reaktorlari, gammadefektoskoplar, radioizotop termoelektr generator va boshqalar) ta’siridan ishonchli himoya qilishdan iborat. Bunga qurilmalarni ekranlash (to’sish), ish xonasiga kirish uchun labirint (aylanma) yo’llar hosil qilish, bu manbalar bilan ishlash vaqtini cheklab qo’yish, radioaktiv chiqindilarni o’z vaqtida olib ketish va ularga tegishli ishlov berish, yakka (individual) himoya vositalaridan foydalanish va boshqa tadbirlar orqali erishiladi. Radiatsion himoyani me’yoriy jihatdan ta’minlash uchun Radiatsion himoya bo’yicha xalqaro komissiya materiallari asosida radiatsion xavfsizlik me’yorlari ishlab chiqilgan (1976). Bu hujjatda Radiatsion himoyaning asosiy tamoyillari belgilab qo’yilgan. Bu me’yorlarda radioktiv nurlar bilan nurlanishning chegarasi yo’l qo’yiladigan qiymatlari va nazorat darajalari, nurlanish dozalari chegaralari, turli nurlanishlarning sifat koeffitsientlari belgilab qo’yilgan. Bu me’yorlar radioaktiv moddalar bilan ishlovchi barcha shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Agar Radiatsion himoyaga doir chegaraviy me’yorlar buzilganligi aniqlansa, «Radioaktiv moddalar va boshqa ionlovchi nurlanishlar bilan ishlashdagi asosiy sanitariya qoidalari»ga muvofiq choralar ko’riladi.