Shoumarov Shorahim
Shoumarov Shorahim (1876 Toshkent — 1969.12.1) — Hofiz, sozanda (dutor, tanbur, Sato). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1944). Dastlab To’ychi hofizdan xonandalik san’ati, Abdusoat Vahobovshl dutor chalishni o’rgangan. Keyinchalik Nazirxon Hofiz, Madumar Hofiz, Abduqahhor Hofiz, Yodgorhoji tanburchilardan mumtoz kuy va ashula va Farg’ona—Toshkent maqom yo’llari, tanbur chertishni o’zlashtirgan. Shoumarov milliy musiqa madaniyatini rivojlantirishda faol qatnashgan: 1910-yillar Toshkentda «usuli jadid» («Rahimiya», «Urfon») maktablari qoshida musiqa to’garaklariga rahbarlik qilgan; Turkiston xalq konservatoriyasini tashkil etilishida faol qatnashgan. Shu yerda (1919-22), Toshkent musiqa texnikumida (1923-40) o’qituvchilik qilgan. 1927 yildan O’zbekiston radiosi xalq cholg’ulari ansambli (keyinchalik orkestri)da xonanda va sozanda. Shoumarov o’zbek musiqali teatri shakllanishiga ham o’z hissasini qo’shgan: 1910-20 yillarda Toshkentda sahnalashtirilgan spektakllar («kichik askar», «Erk bolalari», «zavolli Vatan», «Halima», «Yatim va Yatima» va boshqalar) uchun o’zbek mumtoz va xalq kuylarini tanlab, she’rlar matniga bog’lab moslashtirgan. Ayniqsa, Xurshid sahnalashtirgan «Farhod va Shirin» (1922) musiqali spektakliga To’ychi Hofiz bilan o’zbek musiqa merosidan tanlagan kuylari asar ta’sirchanligini oshirgan; keyinchalik ushbu asar V.Uspenskiy yaratgan musiqali dramaga asos bo’lgan. Shoumarov o’zbek mumtoz, ayniqsa, Farg’ona va Toshkent musiqa an’analari bilimdoni bo’lgan. Shu boisdan N.Mironov, E.Romanovskaya, V.Uspenskiy va boshqalar u ijro etgan ko’pgina ashulalarni notaga olib bir necha to’plamlarga kiritgan. Shoumarov sozgar sifatida ham tanilgan: yasagan va nozik ta’b bilan sadaf qadab bezagan cholg’ulari Moskva (1923) va Parij (1925) ko’rgazmalarida namoyish etilgan. Bahriddin Nasriddinov.