She’rshunoslik

She’rshunoslik – she’r tuzilishi, she’riy asarning g’oyasi, badiiyati va shaklini o’rganuvchi fan sohasi, adabiyotshunoslikning bir bo’limi. She’rshunoslik ilmiy jihatdan asosan 3 narsani: she’r san’ati, she’r vazni va she’r qofiyasini o’rganadi. She’rning mazmun jihatlarini (ma’lum qadar, g’oyaviy xususiyatlarini ham) o’rganish esa adabiy tanqidning vazifasiga kiradi. She’rshunoslik fonika (qofiya va tovush usullari), Megrika (vazn) va strofika (band va qofiyalar tuzilishi) kabi qismlardan iborat. She’rshunoslik she’r tuzilishining taraqqiyotini, uning milliy til hamda boshqa xalqlarning she’r tuzilishlari bilan aloqasini tekshiradi. She’rshunoslik qadimdan fan sifatida shakllangan. Yunonistonda miloddan avvalgi 4-3-asrlarda yuzaga keddi va uzoq davrlargacha she’r yozish qoidalarini o’rganuvchi normativ va formalistik tarzdagi fan bo’lib qoldi. Hindistonda She’rshunoslik 5-asrda paydo bo’ldi. U sanskrit tilida yaratilgan, 2-ming yillikning oxiri —1-ming yillik avvaliga mansub Veda adabiyotiga sharhlar yozish tarzida yuzaga keldi. O’zbek She’rshunoslik tarixi, asosan, 2 yirik davrga bo’linadi: 1) 20-asrning boshla- rigacha bo’lgan davr. Mazkur davr Islomning O’rta Osiyoga kirib kelishidan boshlab juda katta muddatni o’z ichiga qamrab olgan. Bu davr She’rshunoslikiga doir manbalar Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari hamda O’rta Osiyo, jumladan, o’zbek mutafakkir olimlarining nazm va aruz haqidagi Arab, fors va turkiy (o’zbek) tillarida yozgan risolalari, kitoblari va tazkiralaridan iboratdir. Tarixiy poetikaning ulkan bilimdonlari Abu Ali ibn Sino, Xalil ibn Ahmad, Shamsiddin Muhammad ibn Qays Roziy, Mahmud az-Zamaxshariy, Rashididdin Vatvot, Aruziy Samarqandiy, Yusuf Sakkokiy, Sa’diddin Taftazoniy, Shayx Ahmad Taroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Avfiy, Davlatshoh Samarqandiy, Atoulloh Mahmud Husayniy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari allomalarning nazm ilmi borasidagi risolayu kitoblari Sharq xalqlari, shu jumladan, o’zbek xalqi she’riyati va uning nazariyasini ylmiy o’rganish qadimdan rivoj topganligini ko’rsatadi. 9-13-asrlar davomida Forobiy, Ibn Sino, Zamaxshariy kabi mutafakkirlar o’z risolalarida va poetikaga oid asarlarida she’riyatni tadqiq etishning o’ziga xos yo’llarini ko’rsatib o’tishgan. Masalan, Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy turkiy tildagi «Fu nun ulbalog’a» kitobida o’z davri she’riyati, vazn, qofiya va san’atlar haqida muhim ilmiy ma’lumotlarni keltirgan. Alisher Navoiyning «Risolai mufradot», «mezon ulavzon», «Majolis un-nafois», Boburning «muxtasar» asarlari ham Sharq she’riyatining turli muammolariga bag’ishlangan asarlar sirasiga mansub. O’tmishda Sharq, jumladan, o’zbeq She’rshunoslikida she’riyatni turli sohalariga ko’ra o’rganish ma’qul ko’rilgan: «ilmi aruz», «ilmi qofiya», «ilmi badi'», «ilmi muammo» kabi; 2) 20-asrning 20-30-yillaridan to shu kungacha bo’lgan davr. Bu davrga kelib adabiyot darsliklari va o’quv qo’llanmalarida o’zbek she’riyatini o’rganish, vazn va qofiyaga oid mulohazalar paydo bo’ldi. 30-40-yillarda Fitratning «aruz haqida», «adabiyot qoidalari» risolalari bilan bir qatorda A.Sa’diy, Oybek, G’afur G’ulom, I.Sultonning darslik va ilmiy risolalari dunyo yuzini ko’rgan bo’lsa, o’tgan asrning 60-90-yillarida She’rshunoslik borasida ko’plab tadqiqotlar paydo bo’ldi. M.Shayxzoda, A.Hayitmetov, A.Abdug’afurov, Sh. Shomuhamedov, S. Ma-majonov, O.Sharafiddinov, A.Rustamov, U.To’ychiev, A.Hojiahmedov, N.Shukurov, R.Orzibekov, U.Normatov, O.Nosirov, N.Karimov, T.Boboev, Yo.Ishoqov, J.Kamol, B.Akramov, B.Sarimsoqov, I.Haqqulov va boshqalar olimlarning tadqiqotlarida o’zbek She’rshunoslikining turli masalalari yoritildi. O’tgan asrning 90-yillar she’riyati, she’riyatdagi yangicha dunyoqarash va uning o’ziga xos ko’rinishda aks etishi, qahramon va uning ruhiyati, shoir va uning shuuriy darajasi muammolari ilmiy ishlar mavzulariga aylandi. O’zbek She’rshunosliki qadim ildizlardan oziqlangan holda jahon adabiyotshunosligining eng ilg’or jihatlaridan bahramand bo’lgan o’zbek fanini qo’plab yangi tadqiqotlar bilan boyitib bormoqda. Otabek Jo’raboyev.