Shisha-oyna sanoati
Shisha-oyna sanoati – sanoatning shmishdan taxta oyna, me’morlikqurilish, optika, yorug’lik texnikasi, elektrotexnika shishalari, uy-ro’zg’or idishlari, shisha tolalar va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tarmog’i. Shisha ishlab chiqarish qadimdan ma’lum bo’lib, hunarmandchilik sifatida o’rta asrlarda keng tarqalgan. Rossiyada dastlabki shisha zavodi 1685 yilda ishga tushirilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida, ayniqsa, AQSh, Buyuk Britaniya va Frantsiyada shisha ishlab chiqarish rivojlandi. O’zbekistonda 1951 yilda Shisha-oyna sanoatining dastlabki korxonasi — G’azalkent oyna zavodi deraza oynalari ishlab chiqara boshladi. 1975 yilda Farg’ona shisha idishlari zavodining birinchi navbati ishga tushirildi. Bu zavodda turli sig’imdagi shisha bankalar, butilka, Profilit shishasi, shisha bloklari chiqarish o’zlashtirildi. 80-yillarda Quvasoy shisha zavodida (hozirgi Quvasoy «kvars» aktsiyadorlik jamiyati) 0,5, 1, 2, 3 l li shisha bankalari, 0,5 litrli butilkalar ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Mustaqillik yillarida Shisha-oyna sanoati korxonalarida deraza oynasi ishlab chiqarish quvvatlari 13,3 million m2 ga yetkazildi, «kvars» aktsiyadorlik jamiyati mahsulotlari bazasida avtomobil oynalarini ishlab chiqarish, o’zlashtirildi, shisha butilkalar ishlab chiqaradigan «Farmglass» (yillik quvvati 70 million dona), tibbiyot ampulalari ishlab chiqaradigan «Medglass» (yillik quvvati 252 million dona) qo’shma korxonalari ishga tushirildi. O’zbekistonda 9982 ming m2 deraza oynasi, 280,9 million dona shisha idishlar va butilkalar, 47,9 million dona tibbiyot ampulalari ishlab chiqarildi (2004). Shisha-oyna sanoati chet ellarda AQSh, GFR, Rossiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Yaponiya, Italiya, Belgiyada ayniqsa rivojlangan.