Shinshillasimonlar
Shinshillasimonlar — kemiruvchilar oilasi. Uzunligi 22-66 santimetr, dumi 7,5 — 32 santimetr, vazni 0,5—7 kilogramm. Ko’zi va quloqlari katta, dumi qalin Yung bilan qoplangan. Janubiy Amerika pasttekisligi va tog’larida tarqalgan. 3 urug’i: viskashlar, tog’viskashlari va shinshillalar bor. Shinshillalar urug’i gavdasining uzunligi 22— 38 santumetr, dumi 7,5—15 santimetr, vazni 0,5—1 kilogramm. Mo’ynasi qalin va yumshoq, orqasi moviy yoki malla kulrang, qorni sarg’ish oq. Chili va Boliviyaning tog’li cho’l mintaqasida uchraydi. Qoyalar yorig’ida toshli joylarda katta koloniya bo’lib yashaydi. Ertalab va kechqurun faol. Qisqa sakrab harakatlanadi. O’simlikning yer ustki qismlari bilan oziqlanadi. Yilda 1-3 marta 1-6 tadan bola tug’adi. 18-asrdan boshlab qimmatbaho mo’ynasi uchun ko’plab ovlanishi tufayli deyarli qirib yuborilgan. Hozirgi muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish bilan soni birmuncha ortgan. Mo’ynachilik fermalarida boqiladi. 2 turi xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.