Shimoliy Sibir pasttekisligi

Shimoliy Sibir pasttekisligi, Taymir pasttekisligi — Yenisey va Olenyok daryolarining quyilish yeri oralig’idagi pasttekislik. Krasnoyarsk o’lkasi va Saxa (Yakutiya) Respublikasi hududida, g’arbda G’arbiy Sibir bilan, shimoli Sharqda Laptevlar dengiziga tutash, G’arbdan sharqqa 1550 kilometrdan ziyod, shimoldan Janubga 480-500 kilometrga cho’zilgan. Yer yuzasi to’lqinsimon tuzilishga ega. Shimoliy Sibir pasttekisligi gersin va mezozoy burmalanishlari natijasida shakllangan strukturalarning cho’kkan qismida joylashgan bo’lib, to’rtlamchi davr dengiz, Daryo va muzlik yotqiziqlaridan tuzilgan. Arktika va subarktika iqlim mintaqalarida joylashgan. Qishi uzoq (7-8 oy) va sovuq, yozi qisqa va salqin. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -30°, -36°, eng past temperatura g’arbida -57°, sharqida -61° gacha. Iyulning o’rtacha temperaturasi shimolda 4°, Janubda 12°, eng yuqori temperatura 30°. Yog’ingarchilik g’arbiy qismida 300-350 mm, Sharqiy qismida 200-230 mm, Lena daryosi deltasi hududida 100 mm. Shimoliy Sibir pasttekisligi orqali Pyasina, Yuqori Taymir, Xatanga, Anabar, Olenyok va boshqalar daryolar oqib o’tadi. Pasttekislikda ko’plab muz va termokarst ko’llari bor. Katta qismida doimiy muzloq erlar va botqoqliklar tarqalgan. Pasttekislikda, asosan, tundra o’simliklari (mox, lishayniklar), Janub qismida butali tundra, Janub chekkasida o’rmontundra o’simliklari o’sadi. Shimoliy Sibir pasttekisligida qutb tulkisi (oq tulki), bo’ri, bug’u, lemming va boshqalar uchraydi. Neft, gaz, toshko’mir konlari bor.