Sharh
Sharh (Arabcha — izohlash, tushuntirish) — 1) kitob sharhi — kitobning matniga izoh berish, unga ilmiy izoh, ma’lumot beruvchi qismi. Asarlarda, tarjima va hujjatli nashrlarda matnning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishda qo’llanadi. Sharh muallif, noshir, mutaxassis, tarjimon tomonidan tayyorlanib, ma’lum bir asar yoki matnning tarixi, uning boshqa voqea-hodisalarga, fanlarga, shaxslarga, zamon va makonga bog’liqligi xususidagi ma’lumotlardan iborat bo’ladi. Sharhda muallif ishora etgan ba’zi voqea va faktlar, u yoki bu sabab bilan oshkora yozilmagan yoki yozilishi lozim topilmagan narsalar talqin qilinadi, ba’zi so’z, so’z birikmasi va iboralarning mohiyati ochib beriladi. Sharh qisqa va foydalanishga qulay bo’lib, odatda, matndan keyin alohida maqola yoki ma’lumot tariqasida joylashtiriladi. Mumtoz asarlarga Sharh alohida kitob shaklida berilishi ham mumkin; 2) jurnalistika janrlaridan biri. Ommaviy axborot vositalari (OAV)da ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy voqea-hodisalarning, hujjat va boshqa Sharhning mohiyati hamda ahamiyatini ommaga tezkorlik bilan tushuntirib, bayon qilib berishga mo’ljallangan material turi. Sharhda faktlarni tahlil qilish, taqqoslash, fikrni dalillashning turli vositalaridan foydalanish, umumlashtirish, xulosa yasash kabi usullardan keng foydalanish mumkin. Berilish tartibi va bayon qilish uslubiga ko’ra, Sharh radio, televidenie, matbuot va Internet saytlari uchun alohida mo’ljallangan bo’lishi mumkin. Bunday hollarda janr imkoniyatlaridan va OAV turidan foydalanib, Sharhning ta’sirchanligi, ahamiyatini oshirish mumkin bo’ladi. Norali Ochilov.