Retinit

Retinit (lotincha retino — to’r parda) — ko’z to’r pardasi (Retina)ning yallig’lanishi. Bunda ko’zning ko’rish quvvati pasayib, ko’rish maydoni torayadi. Organizmdagi umumiy kasalliklar (infektsion kasalliklar, moddalar almashinuvining buzilishi, qandli diabet, buyrak, qon va tomir kasalliklari) oqibatida paydo bo’ladi. Ko’z to’r pardasining ba’zi kasalliklari, masalan, pardaning bolalikdan boshlangan pigmentli regeneratsiyasi, shabko’rlik yoki ko’rish maydonining toraya borishi natijasida ko’zning atrofni ko’ra olmay qolishi, keksalarda uchraydigan ko’z to’r pardasi tomirlarining aterosklerozi va hokazolar ham Retinitga sabab bo’ladi. Davo mutaxassis vrach maslahati bilan olib boriladi. Kasallikka sabab bo’lgan asosiy omillar bartaraf qilinadi. Ko’zni zo’riqtirmaslik tavsiya etiladi; oftobdan himoya qilinadigan ko’zoynak (qora) taqish buyuriladi.