Respublika
Respublika (lotincha respublica, res — ish va publicus — ijtimoiy, umumxalq) — davlat boshqaruvi shakli, unda bar cha davlat hokimiyati organlari saylab qo’yiladi yoki umummilliy vakolatli muassasalar (parlamentlar) tomonidan shakllantiriladi, fuqarolar esa shaxsiy va siyosiy huquqlarga ega bo’ladilar. Tarixan Respublika antik davrda monarxiyaning ziddi sifatida vujudga kelgan (masalan, Afinadagi quldorlik demokratiyasi). Miloddan avvalgi 5-4-asrlarda Sparta va miloddan avvalgi 2-asrda Rim davlati aristokratlar qismi manfanatlarini ifoda etgan. O’rta asrlarda Respublika boshqaruv shaklini qo’llagan Venetsiya va Genuya singari shahardavlatlar bor edi. Hozirgi vaqtda jahondagi 190 davlatdan 140 dan ortig’i Respublika hisoblanadi. Boshqaruvning Respublika shakli quyidagi turlarga ajratiladi: 1) prezidentlik Respublikasi (AQSh, Meksika va boshqalar), bunda prezident umumxalq saylovida saylanib, bir vaqtning o’zida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i hisoblanadi; 2) parlamentar respublika (Italiya, GFR, Vengriya va boshqalar), bunda parlament to’liq hokimiyatga ega bo’lib, uning oldida hukumat siyosiy javobgar hisoblanadi. Parlament prezidentni saylaydi. Bunda prezident faqat davlat boshlig’i bo’lib, ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i hisoblanmaydi; 3) aralash tipdagi respublika (yarim prezidentlik; Frantsiya, Portugaliya, Finlyandiya, Yevropadagi totalitar tuzumdan xalos bo’lgan yangi mamlakatlarning aksariyati), bunda prezidentlik Respublikasi bilan parlamentar respublika xususiyatlari qo’shilib ketadi. Ya’ni prezident umumxalq saylovlarida saylanib, yuridik va Real keng vakolatlarga ega bo’ladi. Biroq hukumat parlament tomonidan tashkil etiladi va u nafaqat prezident oldida, balki parlament oldida ham siyosiy javobgar bo’ladi. Bunda prezident hukumatga umumiy rahbarlik qiladi, lekin uni bosh vazir boshqaradi. Prezident ma’lum holatlar yuz berganda parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega. O’zbekiston Respublikasi — suveren demokratik respublika bo’lib, mamlakatimizda prezidentlik Respublikasi boshqaruv shakli amal qiladi.