Rentgenologiya

Rentgenologiya (rentgen va … logiya) — tibbiyot sohasi; a’zolar va sistemalar tuzilishi hamda funktsiyalarini tekshirishda, kasalliklar rentgenodiagnostikasida rentgen nurlaridan foydalanish masalalarini o’rganadi. Rentgenologiya rentgen nurlari kashf etilishi bilan yuzaga kelgan. Rentgenologiya odam morfologiyasi, fiziologiyasi va patologiyasiga oid bir qancha masalalarni ishlab chiqishda, shuningdek, sog’liqni saqlashni amaliy rivojlantirishda muhim rol o’ynadi. Rentgenologik metod kasalliklarni aniqlashda yetakchi usullardan hisoblanadi. Rentgenologiyaning 20-asrning ikkinchi yarmidagi rivoji fan va texnika taraqqiyoti bilan chambarchas bog’liq. Hozirgi Rentgenologiya oldida tibbiyot sohasidagi roentgen texnikasini va kasalliklarni tekshirish metodikasini takomillashtirish, kasalliklarni rentgen nurlari bilan aniqlash nazariyasini rivojlantirish, turli organlarning rentgenogrammasi va flyuorogrammasini hosil qiladigan avtomatik qurilmalarni yaratish, angiografiya va limfografiyani rivojlantirish, elektrorentgenografiyani amalda tatbiq etish, bemorlarni rentgenologik tekshirishdan o’tkazishda ularni roentgen nurlaridan muhofazalashni kuchaytirish kabi muqim masalalar turibdi. Rentgenologiya bilan radiologiya tarixan o’zaro jips bog’langan bo’lib, bu bog’liqlik, masalan, intlar, ilmiy jamiyatlar, jurnal va boshqalar (rentgenoradiologiya tarzida) nomlanishida o’z aksini topgan. Ko’pgina mamlakatlarda Rentgenologiya ma’nosini «radiologiya» termini ishlatiladi. Rentgenologiya fani tibbiyot institutlarining Rentgenologiya va radiologiya kafedralarida o’qitiladi. O’zbekistonda ilk bor 1921 yil O’rta Osiyo universiteti tibbiyot fakultetida rentgen kabineta, 1923 yildan bu kabinet negizida alohida Rentgenologiya bo’limi tashkil etildi. Keyinchalik birinchi o’zbek rentgenologi- yalaridan Z. Egamberdiyev, S. Nosirov va boshqalar shu sohada faoliyat ko’rsata boshladilar. 1958 yil Toshkentda O’zbekiston Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilishi, Toshti, Samti, Pediatriya tibbiyot instituti, Andijon tibbiyot instituti, Respublika vrachlar malakasini oshirish institutida Rentgenologiya kafedrasi ochilishi munosabati bilan R. fani rivojlandi. Bunda J. M. Abdurasulov, J. N. Maxsumov, Sh. Mirg’aniyev, A. R. Mansurov, K. Otabekova kabi olimlarning xizmati katta. Ad.: Ilyosov T. N., Klinik radiologiya asoslari, T., 2002.