Oy

Oy — Yerning tabiiy yo’ldoshi; yerga eng yaqin osmon jismi, undan o’rtacha uzoqligi 384400 kilometr. Astronomik belgisi Oy. Oy orbitasi ekliptika tekisligiga o’rtacha 5°8’43» burchak ostida yotib, 4°58′ dan 5°20′ gacha o’zgarib turadi. Oy yer atrofida g’arbdan sharqqa harakatlanib, biror yulduzga nisbatan to’la aylanish davri uning siderik (yoki yulduz) davri deb ataladi. Bu davr 27,32 o’rtacha Quyosh sutkasiga teng. Oy orbitasining ekliptika tekisligi bilan kesishish nuqtalari uning chiqish va tushish tugunlari deyiladi. Oy tugunlari ekliptika bo’ylab oyning harakatiga qarama-qarshi yo’nalishda (ya’ni g’arbga tomon) siljib boradi va 18 yilu 7 oy (6793 sutka)da ekliptikani to’la bir marta aylanib chiqadi. Oyning biror tugundan chiqib, yana shu tugunga qaytib kelishi orasida o’tgan vaqt ajdar oyi deyilib, u o’rtacha 27,21222 sutkaga tengdir. Quyosh va oy tutilishlarining davriyligi shu oy bilan bog’liq. Oy o’z orbitasi bilan o’rtacha 83°20′ burchak tashkil etuvchi o’q atrofida aylanadi. Uning o’z o’qi atrofida aylanish davri (27,32 sutka) siderik oy (davr)ga teng, shu sababli oy hamma vaqt yerga bir tomoni bilan «qarab» turadi. Bu davrlarning bir xil bo’lib qolganligi tasodifiy emas. Yerning tortish kuchi oyning o’z o’qi atrofida aylanishiga ta’sir ko’rsatib (sekinlatib), million yillar davomida uni yer atrofida aylanish davriga tenglashtirilgan. Oy o’z o’qi atrofida tekis aylangani holda yer atrofida aylanish orbitasining turli nuqtalarida uning tezligi turlicha bo’ladi, natijada yerdan qaraganda oy bir oz tebranib harakatlanganday ko’rinadi. Tebranish uzunlama bo’yicha 7°54′, kenglama bo’yicha 6°50′ ni tashkil etadi. Bunday tebranish librasiya deyiladi. Oy shar shaklida bo’lib, radiusi 1737 kilometr, ya’ni 0,2724 yerning ekvatorial radiusiga teng. Oy sirti maydoni 3,8-107 km2ni, hajmi — 0,0743 = ‘/49 Yer hajmini tashkil etadi. Oy sirtidagi nuqtalarning radiusini o’lchash uchun librasiyaga asoslangan kuchsiz stereoskopik effektdan foydalaniladi. Libratsiyani o’rganish oy ellipsoidining bosh yarim o’qlari farqini aniqlashga imkon berdi. Oyning qutbiy o’qi yerga yo’nalgan ekvatorial o’qdan 700 metr, yerga tomon yo’nalishga perpendikulyar yo’nalishdagi ekvatorial o’qdan esa 400 metr kichik. Shunday qilib, erning tortish kuchi ta’sirida oy shaklida yerga yo’nalgan qabariklik hosil bo’lgan. Yerdan uchirilgan sun’iy yo’ldoshlar harakat traektoriyalarini o’rganish asosida oy massasi eng aniq hisoblangan: u yer massasidan 81,3 marta kichik, ya’ni 7,35-1025 g. O’rtacha zichligi 3,34 g/sm3 (0,61 yer o’rtacha zichligi)ga teng. Og’irlik kuchining tezlanishi, oy sathida yerdagidan 6 marta kichik, ya’ni 162,3 sm/S2 bo’lib, oy sathidan har bir km ko’tarilgan sari 1 0,187 sm/S2 ga kamayib boradi. Oyda birinchi kosmik tezlik 1680 m/s, ikkinchi kosmik tezlik 2375 m/s. Oyning tortish kuchi kichik bo’lganligi sababli, uning atrofida gaz qobig’i va erkin holdagi suv bo’lishi mumkin emas. Oy sirti birmuncha qora-oq rangda, uning albedosi (nurni qaytarish darajasi) 0,073, ya’ni Quyoshdan tushayotgan nurlarning faqat 7,3% ini qaytaradi. Oyning erdan o’rtacha uzoqlikdagi ko’rinma yulduz kattaligi 12,7. To’lin Oy Quyoshga qaraganda 465000 marta xira. Oyning o’z o’qi atrofida Quyoshga nisbatan bir marta to’la aylanish davri sinodik oy deyilib, u 29,53059 sutkani tashkil etadi. Oyning boshqa fazalarida esa uning yoritilishi yanada kam. Masalan, 7 va 22 kunlik oy yorug’ligi to’lin Oy yorug’ligining 8% iga teng. Oyning rang ko’rsatkichi +1,2. Oy o’z o’qi atrofida Quyoshga nisbatan bir sinodik oyda bir marta to’la aylanib chikali. Shuning uchun oyda bir kunduzi va kechasi salkam 15 sutka davom etadi. Oyda atmosfera bo’lmaganligi uchun tuprog’i temperaturasi kunduzi (Quyosh ko’rinishiga nisbatan) +120°, kechasi — 150° gacha boradi. Radioto’lqinlar yordamida kuzatish shuni ko’rsatdiki, oy tuprog’i temperaturasining bunday o’zgarishi faqat sirtqi qatlamlarga xos bo’lib, bir necha dm chuqurliqsa temperatura deyarli o’zgarmaydi. «Oy geografiyasi»ni Selenografiya fani o’rganadi. Oyning mukammal xaritalari tuzilgan. Ayniqsa, Oyning Yerdan ko’rinadigan tomoni yaxshi o’rganilgan, sirtidagi 32000 ta turli tog’, krater va dengizlarga nom berilgan. Bundan tashqari, 200000 ga yaqin mayda nomlanmagan tuzilmalar oy xaritasiga tushirilgan. Quvvatli teleskoplarda Oy sirtida kattaligi 100 metr keladigan toshlar yoki yoriqlarni ko’rish mumkin. Oddiy ko’z bilan oy diskida «dengizlar» deb nomlangan katta-katta qora dog’lar ko’rinadi. Dengizlar chetidagi kichik shoxobchalar «qultiqlar», katta yorug’dog’lar «qit’alar» va o’rtacha yorug’likdagi dog’lar «botqoqliklar» deb ataladi. Bunday nomlarni 17-asrda yashagan italiyalik astronom Richcholi taklif qilgan. Oyni birinchi marta 1610 yilda G. Galiley teleskopdan kuzatgan, 1647 yilda Ya. Geveliy (Gdansk) birinchi oy xaritasini tuzgan. Oy dengizlari o’rtacha sathdan pastroq joylashgan, qit’alari esa, asosan, tog’li rayonlardir. Kuzatishlar natijasida qit’a va dengizlar boshqa-boshqa moddalardan tashkil topgan, degan xulosaga kelindi. Oydagi eng katta dengiz «bo’ronlar okeani» deb ataladi. Oy xaritasida «mo’l-ko’lchilik dengizi», «Sokinlik dengizi», «bulutlar dengizi», «ravshanlik dengizi», «yomg’irlar dengizi», «Moskva dengizi», «orzu dengizi» kabi nomlar bor. Oy sirti teleskopda benihoya notekis, o’nqir-cho’nqir bo’lib ko’rinadi. Ayniqsa qit’alarda zich joylashgan va ba’zan «dengizlar»da uchraydigan aylana yoki ellips shaklidagi halqasimon tog’lar ko’p. Diametrlari bir necha yuz metrdan bir necha yuz kilometrgacha keladigan halqasimon tog’larning 30000 tadan ortig’i oy xaritalarida aks ettirilgan. Ba’zi halqasimon tog’lar qoramtir moddalar bilan qoplangan. Ularga tsirklar deb nom berilgan. Tsirklarning maksimal diametri 250 kilometrgacha yetadi. Oy sharsimon bo’lganligi sababli, katta tsirklarning ichi teleskopda qabariq bulib ko’rinadi. Halqasimon tog’lar orasida, Markaziy qismida chudili tepaliklar bo’lgan tog’lar ajralib turadi. Ular kraterlar deb ataladi. Odatda, kraterlar tsirklardan kichik bo’ladi, lekin diametri 100 kilometrga yetadiganlari ham uchraydi. Oyda tizma tog’lar kraterlardan kamroq uchraydi. Oydagi tizma tog’larga Yerdagi tog’larning nomlari berilgan. Masalan, oy xaritalarida Alp, Karpat, Oltoy, Kavkaz va boshqa tog’lar bor. Oyning Janubiy qutbi atrofida tog’lar benixrya ko’p, balandi Leybnis tog’i — 9 kilometr. Oyning bizga ko’rinmaydigan tomonida tog’li joylar ko’p, qoramtir tekislik va dengizlar juda kam. Oy orqa tomonining qitalarida diametri 200-500 kilometrli katta-katta kraterlar kup. «Zond-3» yordamida olingan 5 million km2 ga yaqin hudud aks ettirilgan fotosuratda 484 tadan ortiq krater bor. Oy sun’iy yo’ldoshlari yordamida Oydan keltirilgan ayrim vulqon jinslarining yoshi qariyb 4,5 milliard yilligi aniqlandi. Bu yillar davomida Oyning tuzilishi, fizik tabiati, kimyoviy tarkibida katta o’zgarishlar yuz bergan. Lekin shular asosida oyning paydo bulishi haqida uzil-kesil biror fikr aytish qiyin. Oyning paydo bo’lishi va taraqqiyotini muhim ma’lumotlarga tayangan ilmiy gipotezalar asosida kosmogoniya fani tushuntiradi. Oyni tadqiq qilishning yangi bosqichi Oyga sayyoralararo avtomatik stantsiyalar (sas)ni uchirishdan boshlandi. Oyni «Luna» va «zond» tipidagi saslar bilan, «Lunar Orbiter», «Serveyer» va asosan, «Apollon» dasturi yordamida tadqiqqilindi. Oyning to’liq xaritasi va globusini yasash imkoni tug’ildi. 1966 yil 31 yanvarda uchirilgan SSSRning «Luna-9» kk 1966 yil 3 Fevralda oyga birinchi marta yumshoq qo’ndirildi. Uning yordamida oy panoramasi yerga uzatildi. Oy atrofida aylanuvchi sun’iy yo’ldosh 1966 yil 31 martda uchirilgan «Luna-10» stansiyasi bilan boshlandi. U 1966 yil 3 aprelda Oyning birinchi sun’iy yo’ldoshiga aylantirildi. Oyga qo’ndirilgan saslar Oy tuprog’ini, uning kimyoviy tarkibini va mexanik xossalarini, fizik sharoitini o’rganishga imkon berdi. Ma’lum bo’lishicha, oy sirtqi qismining zichligi 1,1 — 1,2 g/sm3 bo’lib, 1 kg/sm3 nagruzkagacha chidaydi. 1969 yil 21 iyulda oyga birinchi marta amerikalik astronavtlar N. Armstrong va E. Oldrin «Apollon-11» (AQSh) kosmik kemasi yordamida uchirildi va oy sirtiga qo’ndirildi. Keyingi «Apollon»larda uchirilgan 18 ta astronavtdan 10 tasi oyga qo’ndirilib, ular oyda tekshirish olib bordilar va u yerdan bir necha yuz kilogramm tuproq, tog’jinslari, kristallar namunalarini yerga olib tushdilar. 1970 yil 20 sentabrda «Luna-16» stansiyasi oy tuprog’ini 35 sanstimetr chuqurlikkacha qazib, undan olingan namunalarni yerga olib keldi. Oy tuprog’i va jinslaridan namunalar keyinchalik «Luna-20» va «Luna- 24» avtomatik stantsiyalar tomonidan ham keltirib o’rganildi. Oy sirtining fizik sharoitlari, tuproq namunalari,shuningdek, SSSRning «Lunoxod-1,2 («Luna-17» tomonidan oyga 17.11,1970 va «Luna-21» tomonidan 16.1.1973 yilda eltilgan) ilmiy tadqiqot laboratoriyalari tomonidan ham yaxshi o’rganildi. Bu apparatlar yordamida Oyda issiqlik oqimining o’zgarishi, magnit maydoni, radiatsiya darajasi, Quyosh «shamoli»ning tarkibi va intensivligi o’rganildi. Oyning kosmik apparatlar qo’ndirilgan hamma joyida oy sathi regiolit bilan qoplanganligi aniqlandi. Regiolit — yumshoq qo’ng’ir rangli tuproq qatlami bo’lib, qalinligi bir necha metrdan bir necha o’n metrgacha. Regiolitning ba’zi bo’laklarida meteorit zarralari topilgan. Yerga keltirilgan namunalar orasida ikki turli jinslarni uchratish mumkin: vulqon jinslari (lavalar) va meteoritlar tushganida maydalangan va erigan jinslar (shisha sinikdarini eslatuvchi jinslar — brekchiya). Vulqon jinslarining asosiy massasi yerdagi bazaltlarga o’xshaydi. Ularda plagioklaz, piroksen, ilmenit, olivin, shpinel, tsirkon, apatit, metalli temir va mis uchraydi. Shuningdek, oydan keltirilgan namu-nalarda norit, anortozit, dasit va kaliy, fosforlar borligi aniqlandi. Oy tuprog’ida kremniy oksidi (SiO2) 44% ga yaqinni, temir oksidi (G’eO) — 19,5% ni, alyuminiy oksidi (A12O3) — 14% ni, titan oksidi (TiO2) — 4% ga yaqinini tashkil etadi. Jinslarning barcha turlari oy qa’rida uzoq vaqt davom etgan erish jarayonida hosil bo’lgan. Oy jinslari qator xossalari bilan Yernikidan farq qiladi. Ularda suv g’oyat kam, natriy va uchuvchi elementlar esa juda oz miqdorda uchraydi, ba’zi namunalarda titan va temir juda ko’p. Mamatmusa Mamadazimov.