Hukumat

Hukumat — davlatning oliy kollegial ijroiya organi. Hukumat turli mamlakatlarda turlicha nom bilan ataladi: Vazirlar Kengashi (Frantsiya, Italiya, Polsha), Vazirlar Mahkamasi (Buyuk Britaniya, O’zbekiston), davlat kengashi (XXR) va hokazolar. Hukumat partiyasiz, bir partiyali va koalitsion bo’lishi mumkin. Hukumat tuzish tartibi boshqaruv shakliga bog’liq bo’ladi. Parlamentar mamlakatlarda Hukumatni davlat boshlig’ining topshirig’iga ko’ra bir palatali parlamentda yoki ikki palatali parlementning quyi palatasida ko’pchilik o’ringa ega bo’lgan partiyaning yetakchisi (koalitsion Hukumatda — partiyalar yetakchilaridan biri) — tomonidan shakllantiriladi. Prezidentlik Respublikalarida Hukumat Prezident tomonidan shakllantiriladi, bunda bir qator mamlakatlarda (Belorussiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va boshqalar) prezident tomonidan tayinlangan Hukumat a’zolarining har biri parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Hukumat a’zolari (Vazirlar, davlat kotiblari va boshqalar) davlat boshqaruvining muayyan Markaziy idoralariga boshchilik qiladilar. Parlamentar mamla-katlarda ular, odatda, parlement a’zolari bo’lishi kerak, prezidentlik respublikalarida va qoidaga ko’ra, yarim prezidentlik respublikalarida ham vazirlik lavozimi va deputatlik mandatini birga qo’shib olib borish mumkin emasligi qoidasi amal qiladi. Parlamentar davlatlarda Hukumat parlament oldida (ikki palatali parlementda — quyi palata oldida) kollegial tarzda javobgar bo’ladi. Parlamentdagi ko’pchilik tarqalib ketganda (masalan, hukumat koalisiyasi bo’lganda) Hukumat iste’foga ketishi kerak yoki parlament tarqatib yuborilib, muddatidan ilgari saylovlar o’tkazish lozim bo’ladi. Federativ davlatlarda Markaziy Hukumat va federtasiya tarkibiga kiruvchi davlat tuzilmalari (Shtatlar, viloyatlar) Hukumati mavjud bo’ladi. Hukumat yo to’liq tarkibda ishlashi mumkin, yoki Hukumat boshlig’i bir muncha tor kollegiya (Buyuk Britaniya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda — kabinet) — tuzadi. Hukumat o’z tarkibidan yordamchi hukumat qo’mitalari tashkil etishi mumkin. Hukumat qarorlari siyosiy direktivalar tusida ham, normativ hujjatlar yoki qonun loyihalari ko’rinishida ham rasmiylashtiriladi (odatda alohida vazirliklar tomonidan ishlab chiqiladi), keyin parlament tasdig’iga kiritiladi. O’zbekistonda Hukumat Vazirlar Mahkamasi deb nomlanadi. U ijtimoiy hayotning barcha sohalariga rahbarlik qiladi. Hukumat tarkibi Prezident tomonidan shakllantiriladi.