Nematodozlar

Nematodozlar — odam va hayvonlarda yumaloq gijjalar — nematodalar qo’zg’atadigan invazion kasalliklar (gelmintozlar). Parazitlar barcha turdagi umurtqalilar organizmining ko’pgina a’zo va to’qimalarini (aksariyat ovqat hazm qilish a’zolarini) shikastlaydi. Hayvonlar nobud bo’ladi yoki mahsuldorligi kamayadi, bu bilan Nematodozlar chorvachilikka katta ziyon keltiradi. Qulay iqlim sharoiti (harorat, namlik, oraliq xo’jayin bo’lishi, chorva mollarini saqlash qoidalariga rioya etmaslik, shuningdek, ularni davolash va profilaktika qilish tuzuk yo’lga qo’yilmaganligi) Nematodozlar rivojlanishiga imkon beradi. Kattalarga nisbatan bolalar ko’proq kasallanadi va ularda kasallik og’ir kechadi. Odam, parazitning yetuk tuxumlari me’da-ichak yo’liga yoki lichinkalari teriga tushganda zararlanadi. Nematodozlarning quyidagi turlari farqlanadi: askaridoz, ankilostomidoz, enterobioz, trixosefalyoz, trixinellyoz va boshqalar. Boshqa gelmintozlarga o’xshash Nematodozlar ham, asosan, ozodalikka e’tibor bermaslik oqibatida kelib chiqadi.