ZAHARLANISH

ZAHARLANISH, intoksikatsiya — zaharli modda organizmga og’iz, me’da-ichak, nafas yo’llari orqali kirganda, teridan so’rilganda, teri ostiga, orasiga, venaga yuborilganda ro’y beradigan kasallik holati. Organizm faoliyatining izdan chiqishi bilan kechadi. Zaharlanishning yuzaga kelishi va kechishi zaharlovchi moddaning organizmga qaysi yo’l bilan kirganligiga, uning miqdori (dozasi), fizik-kimyoviy holati (gaz, eritma, chang va hokazolar), shuningdek, organizmning umumiy ahvoli va tashqi muhit omillariga bog’liq, odamlarda Zaharlanishning o’tkir va surunkali xili farq qilinadi. O’tkir Zaharlanish tasodifiy va qasddan bo’lishi mumkin, ular zaharli moddaning organizmga bir marta kuchli ta’siri tufayli yuzaga kelib, hayotiy muhim funktsiyalarning izdan chiqishi bilan kechadi. Surunkali Zaharlanish zaharli moddaning organizmga uzoq vaqt ozozdan ta’sir etishi oqibatida ro’y beradi; dorilardan bo’ladigan, shuningdek, kasbkorga aloqador Zaharlanishlar kuzatiladi. Turmushda Zaharlanish kundalik hayotda uchrab turadi. Masalan, pechka yoqish va gaz plitalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilinmaganda is yoki yoritish gazidan Zaharlanish; aynigan ovqat iste’mol qilinganda Zaharlanish; alkogoldan Zaharlanish; dezinsektsiya, deratizasiya va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladigan ximikatlardan Zaharlanish. Dorilardan Zaharlanish ular dozalanganda, yanglish ishlatilganda, noto’g’ri tayyorlanganda kelib chiqadi. Odamning nechog’li qattiq zaharlanishi shu doriga organizmning qanchalik sezgirligiga ham bog’liq. Kasbga aloqador Zaharlanish ba’zi korxonalarda xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilib, qo’rg’oshin, simob, mis, mishyak birikmalaridan zaharlanganda ro’y berishi mumkin. Tasodifiy va qasddan (masalan, o’zini yoki birovni o’ldirish maqsadida) Zaharlanish ham ajratiladi. Kuchli ta’sir etadigan moddalar va dorilar noto’g’ri saklanganda ko’pincha bolalar zaharlanib qoladi. Shuning uchun zaharli dorilar bolalar bo’yi etmaydigan joyda sakdanish kerak. Kislota va ishqorlardan Zaharlanishda badanda qatgiq og’riq seziladi, lab va og’iz shilliq pardasi kuyadi. Suv yutganda, to’sh orqasi va osti og’riydi; odam qon aralash qusadi. Ovqatdan zaharlangan kishi qornida og’riq sezadi, qusadi, ichi ketadi, boshi og’riydi, boshi aylanadi, darmoni quriydi, qattiq zaharlangan bo’lsa, hushidan ketadi, o’lib qolishi ham mumkin. Alkogoldan Zaharlanishda mastlik, avval qo’zg’alish, yuz qizarishi, alkogol hidi anqib turishi, so’ngra alahlash, yuzning bo’zarishi, behushlik qayd qilinadi. Narkotik vauxlatuvchi dorilar (morfin, barbital, fenobarbital va hokazolar) dan Zaharlanishda mudrash, bosh aylanishi, quloq shang’illashi, qusish, tomir urishining sust va zaif bo’lishi, tirishish kuzatiladi. Is gazi [uglerod (P)oksid] va yoritish gazidan Zaharlanish shu gazlarning nafas yo’llari orqali kirishidan bo’ladi. Belgilari; bosh og’riydi, quloq shang’illaydi, bosh aylanadi, bemorning darmoni quriydi, halloslaydi; pulsi susayadi, ko’ngli ayniydi va qusadi; qattiq zaharlanganda tipirchilaydi, hushidan ketadi, o’lib qolishi ham mumkin. Zaharlanish alomatlari xilma-xil bo’lib, u jigar, buyrak, qon, Markaziy va periferik nerv sistemasining qay daraja zararlanganiga bog’liq. Davo Zaharlanishga sabab bo’lgan zaharli moddani iloji boricha organizmdan tezroq chiqarish choralarini ko’rish, zaharli moddaning zaharini kesuvchi ziddizaharlardan foydalanish, zaharlangan a’zolar faoliyatini tiklashdan iborat. Birinchi yordam: Zaharlanishga gumon tug’ilganda darhol vrach chaqirish yoki bemorni yaqin oradagi kasalxonaga olib borish kerak. Kislotalar (sirka essentsiyasi, xlorid kislota va hokazolar) dan zaharlanganda kuydirilgan magneziya bilan suv yoki suvning o’zini ko’p ichirib, qustiriladi. Bemor behush yoki kollaps holatida bo’lsa, qustirish yaramaydi. Ishqorlar (novshadil spirti) dan zaharlanganda 3% sirka (1 stakan suvga 1 choy qoshiq) qo’shilgan limonli suv ichirib qustiriladi. So’ngra bir bo’lak muz yuttirib, sovuq qaymoq yoki sutni choy qoshiqlab ichiriladi, xom tuxum, bir bo’lak sariyog’ yuttiriladi; to’sh ostiga muzli xalta, qo’l-oyoqqa grelka qo’yiladi. Ovqatdan zaharlanganda me’da yuvilgandan keyin qorin va qo’loyoqqa grelka qo’yiladi. Ko’plab issiq ichimlik, quyuq kofe ichiriladi. Alkogoldan zaharlangan kishiga ehtiyotkorlik bilan novshadil spirta hidla tiladi, me’dasini yuvgach, surgi beriladi, so’ngra bir stakan suvga novshadil spirtidan 3-5 tomchi qo’shib ichiriladi. Boshiga muzli xalta qo’yiladi. Ko’p choy yoki quyuq kofe ichiriladi. Narkotik va uxlatuvchi dorilardan zaharlanganda me’dani yuvgach, bemorni bir oz yurgizish, ustidan sovuq suv quyib, keyin issiq suvga tushirish, badanini issiq tutish, ishqalash, nafas to’xtab qolganda sun’iy nafas oldirish kerak. Is gazi va yoritish gazidan zaharlanganda sof havoga olib chiqib, novshadil spirti hidlatish, sun’iy nafas oldirish, badanini ishqalash, achchiq choy, quyuq kofe ichirish kerak. Hayvonlar zaharli o’t, buzilgan emxashak yeganda, og’ziga zaharli moddalar tushganda va zaharli gaz bilan nafas olganda zaharlanadi. Zaharlangan hayvon bo’shashadi, so’lagi oqadi, ichi ketadi, nerv sistemasining faoliyati buziladi. Birinchi yordam: me’dasi yuviladi, go’shtxo’r hayvon va cho’chqalarga qustiruvchi dori beriladi, surgi ichiriladi. Hazm yo’lida zaharning so’rilishini sekinlatish uchun adsorbtsiyalovchi dorilar beriladi. Erkin Qosimov.