ZIGOMITSETLAR

ZIGOMITSETLAR (Zygomycetes) zamburug’lar sinfi. Tanasi yaxshi rivojlangan ko’p yadroli miseliy. Hujayra devori xitin va xitozan, ba’zan glyukandan iborat. Jinsiy jarayoni — zigosporalar hosil qiladigan zigogamiya (nomi shundan olingan). 75% turi geteratillik. Jinssiz ko’payish organlari morfologik jihatdan xilma-xil. Sporalari harakatsiz, endogen usulda sporangiylarda yoki ekzogen usulda konidiylarda rivojlanadi. 4 tartib: mog’orlar (Mucorales), endogonallar (Endogonales), entomoftorlar (Entomophtorales), zoopagallar (Zoopagales) ga 500 dan ortiq tur kiradi. Keng tarqalgan. Tuproq va go’ngda saprotrof yashaydi, bir qancha turlari yuksak o’simliklar, bo’g’imoyoqlilar va boshqa hayvonlar, odamlar paraziti; oziqovqat mahsulotlarida ko’pincha oq mog’or shaklida uchraydi. Mog’or, fikomises va boshqa urug’larning ayrim turlaridan mikrobiologiya va oziq-ovqat sanoatida, entomoftoral turlaridan esa zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik kurashda foydalaniladi.