Kasallik tarixi

Kasallik tarixi – davolash-profilaktika muassasalarida har bir bemorga tutiladigan asosiy tibbiy hujjat. Bemordagi kasallikni aniqlash va davo uchun zarur ma’lumotlar, bemorni kuzatish davrida uning ahvolida ro’y bergan o’zgarishlar, bemorga tavsiya etilgan maslahatlar qayd etiladi. Xotima (epikriz) da kasallik tashhisi va qilingan davo asoslab beriladi. Bemor o’lgan taqdirda Kasallik tarixi ga patologo-anatomik tekshirish bayonnomasi ilova qilinadi. Zarur hollarda kasallik tarixi sud-tibbiyot tergovini olib borish uchun muhim manba vazifasini o’taydi. Tug’ruqxonalarda Kasallik tarixi tug’ilish tarixi deyiladi. Ambulatoriya va sog’liqni saqlash punktlarida ambulatoriya kartasi tutilib, u yozuvlarininng ancha qisqaligi bilan Kasallik tarixidan farq qiladi.